228 28/06/2024

Tergov qo‘mitasi (CK) raisi Aleksandr Bastrikin ma’lum qilishicha, Rossiya fuqaroligini olgan 10 mingga yaqin muhojir maxsus harbiy amaliyot zonasiga (SVO) jo‘natilgan. Bu jiddiy savol va xavotirlarni uyg‘otmoqda.

Bastrikin shunday tushuntirdi: “Biz Konstitutsiya va qonunlarimizda fuqarolikni olgan shaxslar harbiy ro‘yxatdan o‘tishlari va kerak bo‘lganda maxsus harbiy operatsiyada qatnashishlari lozimligi to‘g‘risidagi qoidalarni amalga oshirishni boshladik”.

10 ming askar – bu butun diviziyaga teng keladigan katta kuch. Biroq, migrantlarning madaniy va til bilish darajasini hisobga olgan holda, ushbu tuzilma qanchalik samarali bo‘lishi shubha ostida.

Jangovar harakatlarga  yuborilayotgan muhojirlar asosan Markaziy Osiyo respublikalaridan. Ular ko‘pincha harakatchan, jasur va tezkor. Biroq, ularning motivatsiyasi va tayyorgarlik darajasi shubhali bo‘lib qolmoqda.

Rossiyadagi milliy uyushmalarning ayrim rahbarlari migrantlarning urushga borishini ochiqdan-ochiq qo‘llagan edi. Masalan, Permda “O‘rta Osiyo o‘zbeklari Perm o‘lkasi jamiyati” rahbari Jahongir Jalolovning kallasiga Amir Temur nomidagi nomidagi batalyon tuzish fikri kelib qolgan. O‘zbekistonda yollanma askarlik uchun jinoiy javobgarlik borligiga qaramay, Jalolov “farzandlarimiz bog‘chalarga qatnaydi, maktab va oliy o‘quv yurtlarida o‘qiydi. Biz Rossiyada yashaymiz va ishlaymiz. Biz yeyayotgan nonimizni ham oqlashimiz kerak”, degan edi.

Urush bo‘layotgan harbiy qismlarda askarlar o‘rtasidagi kelishmovchilik otishmaga aylanib ketgani, bunda odamlarning halok bo‘lgani haqidagi faktlar ham uchrab turadi. 2022-yilning 15-dekabrida Belgorod viloyatidagi harbiy qismning o‘q otish joyida ikki migrant ularga qilingan tazyiq va haqorat uchun 11 kishini otib  o‘ldirgan va yana 15 kishini yaralagan edi. Migrant askarlar ham snayper o‘qidan halok bo‘lishgan.

Tabiiy savollar tug‘iladi: urushga yuborilgan muhojirlar nima uchun kurashadi? Rossiya fuqarosining pasporti uchunmi? Axir minglab rossiyaliklarning o‘zi pasportdan ham voz kechib, urushdan qochib chet ellardan boshpana izlab yurishibdi-ku!

Ko‘pgina muhojirlar uchun Rossiya faqat pul ishlash mamlakati, himoya qilinishi kerak bo‘lgan vatan emas.

Yana bir muhim savol: urushga borayotgan muhojirlar kimlar – shartnoma bo‘yicha askarlar, ko‘ngillilar, safarbar qilinganlar. Ular o‘z vatanlariga qaytish yo‘li  yo‘qligini tushunishadimi? Darhaqiqat, Markaziy Osiyoning ko‘pgina mamlakatlarida chet davlat  hududidagi qurolli mojarolarda qatnashish qonun bilan jazolanadi.

Bu savollar muhim axloqiy va huquqiy muammolarni keltirib chiqaradi. Bastrikin urushga borgan 10 ming muhojir haqida gapirdi. Agar Markaziy Osiyo davlatlari bunga qarshi harakat qilishmasa, bu son yanada ortishi mumkin.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya