
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi xorijda, ayniqsa Rossiyada mehnat qilayotgan vatandoshlarga murojaat qilib, qurolli harakatlarda ishtirok etishning xavf va oqibatlari haqida ogohlantirdi.
Agentlik ma’lumoticha, so‘nggi vaqtlarda ayrim davlatlarda mehnat migrantlarini qurolli mojarolarga yollash holatlari ko‘paygan. Bu fuqarolarning hayoti, erkinligi va kelajagiga jiddiy xavf tug‘diradi.
Ta’kidlanishicha, quyidagi harakatlar qat’iyan taqiqlanadi:
– qurolli mojaro va jangovar harakatlar olib borilayotgan hududlariga yaqinlashish;
– harbiy operatsiyalarda qatnashish;
– xorijiy davlatlar armiyasi yoki harbiy tuzilmalari safiga qo‘shilish;
– shubhali shaxs yoki tashkilotlar tomonidan yollanish takliflariga rozilik berish.
O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154¹-moddasiga ko‘ra, xorijda yollanma asosda harbiy xizmat o‘tash uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilangan.
Migratsiya agentligi shubhali takliflar yoki vaziyatlar yuzaga kelganda, fuqarolarni o‘z vaqtida O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari, konsulliklari yoki agentlik vakolatxonalariga murojaat qilishga chaqirdi.