Rossiyada migrantlar ishchi kuchiga ehtiyoj eng katta bo‘lgan qurilish va ishlab chiqarish sohalarini tark etib, xizmat ko‘rsatish sohasiga o‘tib ketmoqda, deb yozadi “Readovka” telegram kanali.
Bugungi kunga kelib, Rossiyada ishlash uchun jalb qilinishi mumkin bo‘lgan barcha migrantlar allaqachon mamlakat ichida, ammo ular qurilish va ishlab chiqarishda emas, balki kuryerlik va taksichilikda ishlashni afzal ko‘rmoqda, deydi “SuperJob” portali rahbari Aleksey Zaxarov «Коммерсант»ga bergan intervyusida.
Zaxarovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Rossiyaga chet elliklar oqimi deyarli to‘xtab qolgan, kelganlar esa real iqtisodiyot sektoriga emas, ko‘proq maosh taklif qilinadigan xizmat ko‘rsatish sohasiga o‘tib ketmoqda. Bu fikrni Rossiya Savdo-sanoat vazirligi ham tasdiqlaydi — bugungi kunda taxminan 1,5 million kishi kuryer sifatida ishlamoqda. Moskvada kuryerlar 120-150 ming rubl atrofida daromad olishlari mumkin, qolaversa ular «o‘zini o‘zi band qilish» maqomida ishlaydi va soliqlarni kamroq to‘laydi.
Biroq, 2024-yilda qurilish sohasida ishchi kuchi tanqisligi 200 ming kishini tashkil qildi, deya xabar bergan Rossiya hukumati raisining o‘rinbosari Marat Husnullin. Bu esa Rossiyada ishlab chiqarish va infratuzilma loyihalariga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.