
Davlat Dumasi bugun migrant ishchilar uchun majburiy tibbiy sug’urta (ОМС) olish qoidalarini o’zgartiruvchi qonunni qabul qildi. Chet elliklar endi faqat Rossiyada besh yillik qonuniy ishlaganidan keyingina bepul tibbiy yordam olishi mumkin. Ilgari migrantlar mazkur sug‘urtani olishi uchun uch yillik ish tajribasi talab qilinar edi.
Ushbu o’zgarishlar «Rossiya Federatsiyasida majburiy tibbiy sug’urta to’g’risida»gi qonunga kiritildi. Yangi qoidalar yuqori malakali mutaxassislarga taalluqli emas; ular uchun avvalgi shartlar saqlanib qoladi.
Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin Rossiyada ijtimoiy imtiyozlardan foydalanishni istagan migrantlar ularga bo’lgan huquqini halol mehnat orqali isbotlashlari kerakligini aytdi.
U: «Bepul tibbiy yordam olish uchun chet elliklar kamida besh yil qonuniy ravishda ishlagan bo’lishi kerak. Faqatgina istisno favqulodda holatlardir», degan.
Ilgari Federatsiya Kengashi spikeri Valentina Matviyenko ishsiz yoki yashirin daromad oladigan Rossiya fuqarolaridan Majburiy tibbiy sug’urta jamg’armasiga (ФОМС) majburiy to‘lov undirishni taklif qilgan edi.
U yiliga taxminan 45 000 rubl miqdorida mablag‘ belgilashni taklif qildi.
Matviyenko bu g’oyani byudjet muhokamasi paytida moliya vaziri Anton Siluanovga yetkazdi. Uning fikricha, rasman ishsiz bo’lganlar ham sog’liqni saqlashni moliyalashtirishga hissa qo’shishlari kerak.
Biroq, «Adolatli Rossiya – Haqiqat uchun» fraksiyasi rahbari Sergey Mironov bu g’oyani tanqid qildi. Uning fikricha, ishsiz rossiyaliklarni tibbiy sug’urta uchun to’lovni amalga oshirishga majburlash taklifi konstitutsiyaga zid va davlatning ijtimoiy asoslarini buzar ekan.