Maqola

146 09/09/2024

Krasnodar o‘lkasida migrantlarga qarshi katta reydlar davom etmoqda. Migrant.uzga bir necha o‘zbekistonliklar murojaat qilib, tekshiruvlar paytida qo‘pol munosabat va turtkilashga duch kelganliklarini xabar qilmoqda.

Ismini oshkor etmaslik sharti bilan suhbatlashgan Migrant.uzning suhbatdoshi xabariga ko‘ra, uni va boshqa migrantlarni huquqni muhofaza qilish organlari bevosita ish joyida, ya’ni qurilish maydonida tekshira boshlagan.

Suhbatdoshimizning barcha ruxsatnoma hujjatlari bor, ularni olish uchun u ancha mablag‘ sarflaganini aytadi. Hujjatlar mavjud bo‘lishiga qaramay, politsiya va OMON uni va boshqa migrantlarni avtozakka o‘tirg‘izib, Adler politsiya bo‘limiga olib borgan. U yerda 8 soatdan ortiq sababsiz ushlab turishgan kutishgan. Oxiri hujjati bor migrantlarni hech narsa demay qo‘yib yuborishgan.

“Ish kuni behuda ketdi. Bu kun uchun ish beruvchi bizga hech narsa to‘lamaydi. Hujjatlar bor, lekin baribir bo‘limga olib borishadi. Men hujjatlarim borligini aytishga harakat qildim, nega bo‘limga borishim kerak desam, shunda xodim hujjatlarimni qo‘limdan tortib olib, meni avtobusga itarib yubordi, baqirib, qo‘pol gapirib, so‘kindi”, deydi suhbatdoshimiz.

Yana bir o‘zbekistonlik suhbatdoshimiz, Sochida har kuni reydlar o‘tkazilayotganini aytadi. “Reydlar juda jiddiy, ishlashning iloji yo‘q”, deb shikoyat qilmoqda o‘zbekistonlik E.O.

Haqiqatan ham hududiy politsiya xodimlari nafaqat turar joylarda, balki qurilish maydonlarida, bozorlarda va migrantlar ko‘p yig‘iladigan boshqa joylarda tekshiruvlarni faol o‘tkazmoqda. Bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘zlarining rasmiy resurslarida xabar berishmoqda.

Masalan, 6-sentabr kuni Krasnodar shahri bo‘yicha Rossiya Ichki ishlar vazirligi boshqarmasi migratsiya qonunchiligini buzganlik uchun bir sutkada 52 ta ma’muriy protokol tuzilganini ma’lum qildi.

Migrantlar hujjatlariga e’tiborli bo‘lishlari lozim. Politsiya xodimlarining noqonuniy talablariga duch kelganda, o‘z vataningiz konsulligiga murojaat qiling va bu haqda jamoat faollariga, jurnalistlarga xabar berishingiz kerak.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya