
Novosibirskda ko’plab migrantlar ishdan bo’shatilgani sababli o’nlab trolleybuslar hozirda ishlamayapti.
Bu haqda Novosibirsk shahar hokimiyati transport departamenti boshlig’i Pavel Ivaxnenko «Novosibirskiuye novosti» gazetasiga ma’lum qildi. Uning so’zlariga ko’ra, “Gorelektrotransport” shahar korxonasi ba’zi trolleybuslarni vaqtincha xizmatdan olib tashlagan, chunki chet elliklarga patent bilan jamoat transportida ishlash taqiqlangan.
Uning so’zlariga ko’ra, bir kunda shaharda 230 ga yaqin trolleybus harakatlanishi kerak. Biroq hozirda 30 dan 35 gacha trolleybus ishlamayapti. Bu yo’lovchilar uchun noqulaylik tug’dirmoqda, ammo u tizim umuman olganda, ishlayotganini ta’kidlagan
«Bizda odatda yo’nalishda 230 ga yaqin trolleybus bo‘ladi. Hozirda 30 dan 35 gacha trolleybus ishga chiqmayapti. Bu yomon, ammo bu umumiy xizmatga sezilarli ta’sir ko’rsatmaydi», deydi Pavel Ivaxnenko. Cheklovlar Novosibirsk viloyati gubernatori Andrey Travnikov tomonidan joriy etilgan. U oktyabr oyida tegishli farmonni imzolagan edi. Hujjat savdo, transport, ovqatlanish xizmati va bolalar bog’chalari kabi bir qancha sohalarda chet elliklar sonini kamaytirishga qaratilgan.
Taqiq kuchga kirgunga qadar “GorElektroTransport” 471 haydovchini ish bilan ta’minlagan. Ularning qariyb 20 foizi chet elliklar edi. Taqiq rasman 18-dekabrda kuchga kirdi va bu ishchilarga ta’sir qildi.
Taqiqdan oldin ham shahar hokimiyati haydovchilar yetishmasligi borligini aytgan edi. O’shanda ham taxminan 45 foiz bo‘sh o’rin bo‘lgan.