
2026-yil 24-may kuni Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin mehnat migrantlari uchun bojlarni 12 barobar oshirishni e’lon qilgani ma’lum boʻldi. Keyingi haftada Davlat Dumasi byudjetga yiliga 15 mlrd rublgacha daromad keltirishi kerak boʻlgan tuzatishlar paketini koʻrib chiqishni boshlaydi. Hujjatlarni rasmiylashtirish sezilarli darajada qimmatlashadi.
Xususan, Rossiya fuqaroligini olish uchun yigʻim 12 barobar — 4,2 ming rubldan 50 ming rublgacha oshadi. Vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma – RVP olish bojini 8 barobar — 1,92 ming rubldan 15 ming rublgacha oshirish taklif etilmoqda. Yashash guvohnomasini – VNJ rasmiylashtirish hozirgi 6 ming rubl oʻrniga 30 ming rubl boʻladi.
Vyacheslav Volodin bu migratsiya sohasida tartib oʻrnatishga yordam berishini ta’kidlaydi. Uning soʻzlariga koʻra, Rossiyada yashashni va mamlakat fuqarosi boʻlishni istovchi odamlar standartlarga javob berishlari lozim. Ular rus tilini bilishi, RF qonunlariga rioya qilishi, shuningdek, an’analar, tarix va madaniyatni hurmat qilishi kerak.
Shu bilan birga, chet ellik xodimlarni jalb qiladigan ish beruvchilarning oʻzlari uchun xarajatlar minimal darajada oshadi. Xorijiy mutaxassisni jalb qilish uchun ruxsatnoma narxini atigi 25 foizga — 12 ming rubldan 15 ming rublgacha oshirish rejalashtirilmoqda.