
Federatsiya kengashi (Sovfed) barcha chet el fuqarolarini tibbiy koʻrikdan oʻtishga majburlovchi qonunni ma’qulladi.
Bu qarorni senatorlar 2026-yil 3-iyundagi yalpi majlisda qabul qildi. Endi har bir chet el fuqarosi Rossiyaga kirgan paytdan boshlab 30 kun ichida ushbu tibbiy muolajadan oʻtishi kerak. Migrantlar koʻrik uchun toʻlovni oʻz mablagʻlari hisobidan yoki ish beruvchilari va ish buyurtmachilari yordamida amalga oshiradi.
Koʻrikdan oʻtishdan bosh tortish yoki undan boʻyin tovlash uchun jazo nazarda tutilgan. Qoidabuzarga 25 000 dan 50 000 rublgacha miqdorda jarima tahdid soladi. Shuningdek, chet el fuqarosiga mamlakatdan ma’muriy chiqarib yuborish ham tahdid solishi mumkin.
Ushbu qonun loyihasini Davlat Dumasiga quyi palata raisi Vyacheslav Volodin, vitse-spiker Irina Yarovaya, shuningdek, parlament fraktsiyalari rahbarlari va deputatlar kiritdilar. Davlat Dumasi ushbu hujjatni 27-mayda qabul qildi. Avvalroq, ushbu qonun loyihasiga tuzatishlar tayyorlanayotgani haqida xabar berilgan edi.
Yangi qoidalar tibbiy ma’lumotlarni elektron tizimlar orqali davlat organlariga uzatishning aniq muddatlarini belgilaydi. Tekshiruvdan soʻng tayyor boʻlgan tibbiy xulosalar bir sutka ichida IIVga yuboriladi. Agar chet ellik shaxsda atrofdagilar uchun xavfli boʻlgan yuqumli kasalliklar aniqlansa, bu ma’lumotlar ham elektron shaklda bir sutka ichida Rospotrebnadzorga uzatiladi. Avval bunday ma’lumotlarni Rospotrebnadzorga uzatish uchun uch kunlik muddat belgilash taklif qilingan edi.