Maqola

93 30/06/2024

Moskvada o‘zbekistonlik Zarifa Halimova 7 oylik chaqalog‘idan ajratib olinib deportatsiya qilinmoqda. Poliklinikaga ko‘rinish uchun ketayotganida qo‘lga olingan ayol ayni paytda kasal holida “Migrantlar qamoqxonasi”da. Onasidan ajratilgan emizikli bolaning esa ahvoli og‘irlashgan.

O‘zbekistonlik Zarifa H. bir necha yillardan buyon Rossiyada oilasi bilan yashab keladi. Turmush o‘rtog‘i, o‘zbekistonlik Sherbek H. bilan ham Rossiyada tanishgan. Rossiya hududida qonuniy nikohdan o‘tib oila qurishgan.

Zarifa H. oila qurguncha va keyin ham aksariyat muhojirlar singari hujjat rasmiylashtirib yurgan. Biroq farzandini Moskva shahrida dunyoga keltirgandan keyin ro‘zg‘ordagi yetishmovchilik tufayli hujjat rasmiylashtirishga moddiy imkoniyati yetmaydi. Ustiga tug‘ruqxonadagi shifokorlardan biri farzanding bir yoshga to‘lguncha hujjat rasmiylashtirishing shart emas, degan gapiga ishonadi.

Natijada hujjatsiz va noqonuniy muhojir maqomiga tushib qolgan Zarifa H. 2024 yilning 25 iyun kuni Moskvaning “Prospekt Mira” metro bekatidagi shifoxonaga borishni rejalashtiradi. Tez borib kelguncha 7 oylik chaqalog‘ini oyisi bilan qoldiradi.

Biroq metrodan chiqqach, o‘zbekistonlik ayol politsiya tekshiruviga to‘g‘ri kelib qoladi. Politsiya xodimlari Zarifa H.ning hujjatlari bo‘lmagani uchun ma’muriy bayonnoma tuzib, ishni sudga oshiradi.

26-iyun kuni Moskva shahrining Tverskoy tumani sudi Zarifa H.ni Rossiyadan majburiy ravishda Chet elliklarni saqlash markazi orqali chiqarib yuborish haqida qaror chiqaradi. Sud qarori e’lon qilingach, Zarifa H.ning o‘zi Moskvaning Saxarovo qishlog‘idagi Migrantlarni vaqtincha saqlash markazi (spespriyomnik/SVSIG) ga olib ketilgan. Zarifaning 2023-yil 15-noyabrda tug‘ilgan chaqalog‘i esa buvisi va otasining qo‘lida qolib ketgan.

Zarifaning turmush o‘rtog‘i Sherbek tahririyatimiz bilan suhbat davomida farzandi isitmalaganini va uni onasining oldiga olib borgani haqida gapirdi.

“Bolamni olib “otdel”ga bordim, bolam emizikli dedim, ular magazindan kasha olishimni aytdi. “Chaqalog‘ing yig‘lasa, menga nima? Ilojim yo’q” dedi bir politsiyachi. Xullas, kiritishmadi” — deydi Sherbek.

Mazkur voqea yuzasidan Migrant.uz jamoasi Bolalar ombusdmaniga murojaat qilib, vaziyat haqida tegishli ma’lumotlarni yetkazdi. Bolalar ombusdmani Surayyo Rahmonova holat nazoratga olinishini va zarur choralar ko’rilishiga va’da berdi.

Biroq vaziyat murakkabligi va 7 oylik chaqaloqning huquqlari poymol bo‘layotgani bilan ahamiyatlidir. Sherbek ona va bolaning tezroq O‘zbekistonga yuborilib birga bo‘lishlarining ta’minlanishida rasmiylar, huquq himoyachilari va mutasaddi tashkilotlarning yordamlariga muhtoj.

Ushbu holatga O‘zbekistonning rasmiylari, bolalar huquqlariga mas’ul tashkilotlar va konsullik e’tibor qaratishini, zudlik bilan ona va chaqaloq bir-biridan ayrilmasligi uchun chora ko‘rilishini so‘rab qolamiz.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya