Rossiyaning Ta’lim va fan vazirligi deputat Sardana Avksentevaning mehnat migrantlari uchun rus tili imtihonini og‘zaki qism bilan to‘ldirish taklifini qo‘llab-quvvatladi.
Sardana Avksenteva Ta’lim va fan vaziri Valeriy Falkovga murojaatida migrantlar uchun rus tili imtihoni faqat yozma shaklda o‘tkazilishini, unda og‘zaki qism yo‘qligini ta’kidlagan.
Deputatning fikriga ko‘ra, og‘zaki muloqot mehnat migrantlarining muvaffaqiyatli ishlashi va jamiyatga moslashishining kafolati hisoblanadi.
Biroq, deputatning o‘zi vazirlikka yo‘llagan murojaat matnida kamida 9 ta xatoga yo‘l qo‘ygan. Rossiyaning «Gazeta.Ru» nashri to‘qqizta punktuatsiya, uslubiy va semantik xatolarni topib, ularga e’tibor qaratgan.
Shunga qaramay, deputatning murojaatiga javoban vazirlik imtihonlarni o‘tkazish tartibiga o‘zgartirish kiritish kerakligini va og‘zaki sinov taklifi qo‘llab-quvvatlanishini bayon qilgan.
«Rossiyaning Ta’lim va fan vazirligi mehnat migrantlari uchun rus tili imtihonini og‘zaki qism bilan to‘ldirish bo‘yicha siz bildirgan takliflarni qo‘llab-quvvatlaydi. Shu bilan birga, mazkur takliflarni amalga oshirish uchun 2021-yil 31-maydagi Rossiya Federatsiyasi Hukumati qarori bilan tasdiqlangan imtihon o‘tkazish tartibiga o‘zgartishlar kiritish zarur», — deyiladi vazirlikning xatida.
Bundan xulosa qilish mumkinki, yaqin orada migrantlar uchun o‘tkaziladigan rus tili imtihonlariga og‘zaki sinovlar ham qo‘shiladi. Og‘zaki imtihon deyilganida, migrantlarning rus tilida muloqot qila olishini ko‘rsatib berishga qaratilgan sinov bo‘lishi nazarda tutilmoqda.