«Ural Airlines» aviakompaniyasi Markaziy Osiyo mamlakatlariga, xususan, O’zbekiston va Tojikistonga tez-tez uchib turadi. Migrant.uz tahririyatiga bir necha yo‘lovchi-muhojirlar aviakompaniya xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan shikoyat bilan murojaat qilishdi.
Ularning aytishicha, “Ural Airlines” xodimlari qo’l yuki yoki bagaj kalibratorga (o’lchov uskunasi) kirsa ham yo’lovchi muhojirlarni qo’shimcha pul to’lashga majbur qilmoqda. Nohaqlikni tasvirga olgan yoki savol berib, o’z haqqini talab qilgan yo’lovchilarni reysdan qoldirishmoqda.
Aviakompaniya avval ham qo’l yuki yoki bagaj hajmini kalibratorda tekshirib, yo’lovchilardan pul undirishi bilan norozilikka sabab bo’lgan edi.
Eslatib o‘tamiz, xuddi shunday janjal “Ural airlines” avikompaniyasining ichki reyslarida ham sodir bo‘lgan edi. Nohaqlik yo’lovchilar birlashib norozilik bildirgandan so‘ng avikompaniyaning xodimi ishdan bo’shatilishi, prokuraturaning yo’lovchi huquqlarining buzilishi bo’yicha tekshuruv o’tkazishi bilan yakunlangan. Shundan keyin aviakompaniya zudlik bilan rasmiy veb-saytida bagaj va qo’l yukining o’lchamlari haqida batafsil tushuntirish berib, ishdan bo’shatilgan xodim nomi bilan suvenir mahsulotlar yaratishini e’lon qilgan edi.
“Ural Airlines” aviakompaniyasi oʻzining rasmiy veb-saytida yukning ruxsat etilgan maksimal uch oʻlcham yigʻindisi 203 santimetrgacha va bir tomoni 100 santimetrdan oshmasligi kerakligini ma’lum qilgan.
Qo’l yukining o’lchamlari: uzunligi 55 sm, balandligi 40 sm, kengligi 20 smdan oshmasligi kerak.
Noqonuniy jarimaga tortilgan migrantlarga esa quyidagilar tavsiya etiladi:
1. Yukingiz va qo‘l yukingiz belgilangan o’lchamlarga mos kelishini videoga yozib oling.
2. Bagaj yoki qo’l yukini qabul qilishda rad javobini yozma ravishda berishlarini talab qiling.
3. Yo‘lovchi sifatida huquqingiz buzilganligi to‘g‘risida prokuraturaga ariza bilan murojaat qiling.
4. Yetkazilgan zararni qoplashni talab qilib, sudga da’vo arizasini kiriting.
Musofirlikda duch kelgan voqealaringiz bilan bo’lishmoqchi bo’lsangiz, tahririyatimizning telegram akkauntiga yozishingiz mumkin.