Yaroslavl viloyatidagi demografik vaziyat xavotirli. Iqtisodiy rivojlanish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning 10 oyi davomida viloyatda aholining tabiiy qisqarishi 1131 nafarni tashkil etgan. Biroq, muhojirlar oqimi tufayli aholining umumiy soni deyarli o‘zgarishsiz qolgan.
Mintaqada tug‘ilish darajasi pastligicha qolmoqda: umumiy ko‘rsatkich 7,3 promilleni (1000 kishiga) tashkil etadi. Taqqoslash uchun, o‘lim darajasi bu ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘proq – 15,6 promille. Bu shuni anglatadiki, har 10 ta tug‘ilish uchun 20 dan ortiq odam vafot etadi.
Biroq 1 million 180,5 ming kishini tashkil etgan viloyat aholisi deyarli kamaygani yo‘q. Bunga sabab migratsiyaning o‘sishi bo‘lib, bu yo‘qotishlarni 14,2 foizga qoplagan. Migrantlar ish o‘rinlarini to‘ldiradi, iqtisodiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlaydi va aholi sonini barqarorlashtiradi.
Demografik pasayish butun Rossiyaga xos muammo bo‘lib qolmoqda. 2024-yilning birinchi yarmida Rossiya aholisi 257 ming kishiga kamaygan. 2024-yilning birinchi yarmida 599,6 ming bola tug‘ildi, bu 2023 yilning shu davriga nisbatan 16 mingga kam. 2024-yil iyun oyida tug‘ilganlar soni birinchi marta 100 000 dan pastga tushib, 98 600 ga yetdi.
Yana bir muhim tendensiya – Markaziy Osiyo davlatlaridan migrantlar oqimining kuchayishi. Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda mamlakatda 6 milliondan ortiq xorijiy fuqarolar bo‘lgan. Ularning aksariyati O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan kelgan mehnat muhojirlaridir.
Shuni ta’kidlash kerakki, 2024-yilda Rossiya aholisining migratsiya sababli o‘sishi ham pasayishda davom etdi. Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning yanvaridan iyuligacha bo‘lgan davrda migratsiya o‘sishi 75,9 ming kishini tashkil etdi, bu o‘sish 139,9 ming kishiga yetgan 2023-yilning shu davriga nisbatan deyarli ikki baravar kam.
2024-yilning birinchi yarmida migratsiya o‘sish sur’ati 0,9 ‰ ga kamaygan, 2023-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 1,7 ‰ ni tashkil etgandi.
Shunday qilib, muhojirlar oqimi davom etayotganiga qaramay, ularning 2024-yilda Rossiya demografik o‘sishiga qo‘shgan hissasi avvalgi yillarga nisbatan sezilarli darajada past bo‘ldi.