
Boshqirdistonning Chishmi tumanida 54 yoshli muhojir ishchi o‘z hamyurtini o‘ldirib qo‘ydi. Chishmi qishlog‘ining Mir, ya’ni “tinchlik” nomi bilan atalgan ko‘chasidagi uyda bo‘lgan ziyofat tinchlik bilan tugamadi. Ziyofat ayni qizigan paytda muqaddam sudlangan ikki nafar erkak o‘zaro janjallashib qolgan. Natijada ulardan biri 34 yoshli vatandoshining ko‘krak qismiga pichoq bilan urgan, deb xabar berdi Boshqirdiston Tergov qo‘mitasi.
Bayramning boshqa ishtirokchilari o‘tkinchilardan tez yordam va politsiyani chaqirishni so‘rashgan. Jabrlanuvchi voqea joyida vafot etganidan so‘ng qotil yurtiga qochib ketishga uringan. Biroq ertasi kuni shu tumandagi vaqtinchalik yashash joylaridan birida ushlangan.
Tergov qo‘mitasi jinoiy ish qo‘zg‘atdi va ayblov e’lon qildi. Sud uni hibsga olish haqida qaror qabul qildi.
Shu jinoyat sababidan politsiya qurilish ob’yektida noqonuniy migrantlarga qarshi reyd o‘tkazdi.
Tergovchilar ziyofatning barcha ishtirokchilari qurilish ob’yektida yollangan ishchilar ekani va guvohlardan biri Rossiyada noqonuniy bo‘lganini aniqladi.