Maqola

217 13/12/2025

Tatariston Davlat kengashi spikeri Farid Muxametshin migrant bolalarga o‘z ona tillarini ham o‘rgatish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildi. U bolalar o‘zligini yo‘qotmasligi uchun tojik, qirg‘iz va boshqa tillarni rus va tatar tillari bilan bir qatorda o‘rganishi mumkinligini ta’kidladi.

Muxametshin milliy tillarining yo‘qolishidan eng ko‘p tashvishlanayotganlar katta avlod ekanligini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada o‘sgan migrantlarning ko‘plab bolalari allaqachon ota-onalarining tilida yomon gaplashadi.

Ammo bu taklif bildirilishi bilanoq ommaviy axborot vositalarida keskin tanqidlar paydo bo‘ldi. Birinchilardan bo‘lib jurnalist va Moskva shahar dumasi deputati Andrey Medvedev hujumga o‘tdi. U bu g‘oyani tanqid qilib, migrantlarga ona tillarini o‘rgatish «integratsiyani rag‘batlantirmaydi» deb da’vo qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat maktablari faqat bolalarni «rus muhitiga» integratsiya qilishga e’tibor qaratishlari kerak, shu bilan birga ularning madaniyatini saqlab qolish oilaning shaxsiy mas’uliyati hisoblanar emish.

Medvedev «milliy anklavlarning paydo bo‘lishi xavfi» haqida ogohlantirib, maktablarda tojik, qirg‘iz yoki boshqa tillarni o‘qitish muassasani «diasporaning bir qismiga» aylantirishini iddao qildi.

Bu migrantlarning o‘z madaniyatining har qanday namoyon bo‘lishi tahdid sifatida qabul qilinadigan rus madaniy shovinizmining odatiy ko‘rinishiga o‘xshaydi.

Ayni paytda, Tataristonda munozara davom etmoqda. Ona tilining qadrini tushunadigan tatar siyosatchisi Muxametshinning tashabbusi migrant bolalarning madaniy o‘ziga xosligini saqlab qolishga qaratilgan.

Qiziq hol: boshqa mamlakatlarda, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlarida rus tilini keng yoyishga harakat qilayotgan «rus madaniy markazlari» ishlasa mayli ekan-u, Rossiyadagi migrant bolalar o‘z ona tillarini o‘rganishi xavf sifatida baholanar ekan!

 

Rossiyada yurish-turish qoidalari, madaniyat, etika

Navigatsiya