Maqola

283 07/05/2025

Rossiya ijtimoiy tarmoqlari va ko‘chalarida Ukrainaning vayron bo‘lgan shaharlarida, xususan, Mariupol va Donetskda ishlash haqidagi e’lonlar tobora ko‘payib bormoqda. Natijada Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan muhojirlarning bir qismi Rossiya nazorati ostidagi bosib olingan hududlarga ishlash uchun keta boshladi. Ular bunga asosan, ko‘proq pul topish va Moskva kabi Rossiyaning yirik shaharlarida duch keladigan qiyinchiliklardan qochish umidida qo‘l uradi.

2014-2022-yillarda Rossiya Qrimni, keyinroq 2022-yilda Ukrainaning to‘rtta viloyatini – Donetsk, Lugansk, Zaporoje va Xersonni bosib oldi. Moskva dunyoning aksariyat davlatlari tomonidan tan olinmagan bu hududlarda soxta referendumlar o‘tkazdi va ularni Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kirgan deb e’lon qildi. Biroq xalqaro hamjamiyat, jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari bu harakatlarni tan olmadi. Shuning uchun xalqaro huquq nuqtai nazaridan bu hududlar Ukrainaga tegishli bo‘lib qolmoqda.

2025-yil boshida Rossiya vayron bo‘lgan hududlarga ishchi kuchini jalb qilish uchun imtiyozlar kiritdi. Masalan, migrantlarga mamlakatning boshqa hududlarida talab qilinadigan patentsiz ishlashga ruxsat berildi. Mariupol va Donetsk kabi shaharlarda mehnat qilayotgan muhojirlar sonining ortgani shu bilan izohlanadi.

Salim Saidov (ismi o‘zgartirilgan) ishg‘ol qilingan hududlarga ikki marta ishlash uchun ketganlardan biri. Ilgari u Moskvada ishlagan, ammo polisiya tekshiruvlarining kuchayishi va doimiy bosim tufayli u Mariupolga ko‘chib o‘tishga qaror qilgan. U yerda do‘stlari bilan vayron bo‘lgan uylarni ta’mirlash bilan band bo‘ldi. Birinchi oylarda ularga va’da qilingan 200 ming rubl to‘langan, ammo keyin kechikishlar va to‘lovlar bilan bog‘liq muammolar boshlandi.

Keyinroq yana pul topish ilinjida Donetsk viloyatiga bordi. Salimning aytishicha, bu hududlarda haqiqatan ham Markaziy Osiyodan, xususan, Tojikiston va O‘zbekistondan kelgan muhojirlar ko‘p. Ular asosan qurilish va ta’mirlash bilan shug‘ullanadi. Ba’zilar hatto «urush qachondir tugaydi, lekin uy qoladi» degan umidda arzon uy sotib olishadi.

Salim u yerga sayohat qilish xavfli ekanini tan oldi: bu hududlarda muntazam ravishda portlashlar eshitiladi, qonunsizlik hukm suradi. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, chegaradan o‘tishda pasportga muhr qo‘yilmaydi, shuning uchun ham qonunchilikda muammo bo‘lmaydi, degan umidda.

Huquqiy xavflar
Xalqaro huquqshunoslar Ukrainaning bosib olingan hududlariga borish jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Bu viloyatlar rasman Ukrainaning bir qismi hisoblanganligi sababli, Ukraina rasmiylarining ruxsatisiz ularga kirish chegarani noqonuniy kesib o‘tish deb hisoblanishi mumkin.

Tojikiston qonunchiligiga (Jinoyat kodeksining 336-moddasi) ko‘ra, bunday qoidabuzarlik jarima yoki hatto ikki yilgacha qamoq jazosiga sabab bo‘lishi mumkin. Ukrainada jarimadan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, huquq himoyachilarining qayd etishicha, agar muhojir u yerga jang qilish uchun emas, balki, masalan, quruvchi yoki farrosh bo‘lib ishlash uchun borgan taqdirda ham, bu ishg‘ol rejimini qo‘llab-quvvatlash sifatida ko‘rish mumkin. Ba’zi hollarda bunday harakatlar harbiy jinoyatlarda ishtirok etish bilan barobar bo‘lishi mumkin.

Huquq himoyachisi Valentina Chupikning fikricha, bosib olingan hududlarda oddiy ish ham jinoiy javobgarlikka olib kelishi mumkin. Uning aytishicha, shu yo‘l bilan muhojirlar urush natijasida o‘rnatilgan noqonuniy hokimiyatni mustahkamlashga yordam bermoqda.

Hukumatning sukuti
Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan Tojikiston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston rasmiylari ishg‘ol qilingan hududlarga borishning xavfi haqida rasmiy ogohlantirishlar bermagan. Ular bir necha bor o‘z fuqarolarini mamlakat tashqarisida harbiy harakatlarda qatnashmaslikka chaqirgan bo‘lsalar-da, Qrim, Donetsk yoki Xersonga sayohat qilishning huquqiy maqomi borasida aniq tushuntirish berilmagan.

Tojikistonlik xalqaro huquqshunos Faridun Saidzodaning ta’kidlashicha, hudud maqomini o‘zgartirish faqat xalqaro miqyosda tan olingan jarayon – kuzatuvchilar nazorati ostida halol referendum, barcha tomonlarning roziligi va xalqaro huquq normalariga rioya qilish orqali mumkin. Ukraina hududlariga kelsak, bu sodir bo‘lmadi, ya’ni xalqaro huquq nuqtai nazaridan bu yerlar Ukraina hududi bo‘lib qolmoqda.

Uning fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari o‘z fuqarolarini bunday hududlarga borish bilan bog‘liq xavflar haqida rasman ogohlantirishi kerak. Bunday ogohlantirishlar bo‘lmaguncha, migrantlar nafaqat sog‘lig‘ini, balki erkinligini ham xavf ostiga qo‘yib, mojaro zonasiga borishda davom etaveradi.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya