
Vladimir viloyatining Petushki tumanida jiddiy jinoyat ishini tergovi yakunlandi. Mahalliy ayol chet el fuqarosini oʻldirish va uning hisobidan pul oʻgʻirlashda ayblanmoqda.
Voqea marhum yashagan va mahalliy korxonada ishlagan Pokrov shahrida sodir boʻlgan. 2025-yil 16-noyabr kuni erkak Staroye Perepechino qishlogʻiga tanish ayolning uyiga mehmonga borgan. Shundan soʻng u gʻoyib boʻlgan. Uning qarindoshi 2025-yil noyabr oyida politsiyaga murojaat qilgan.
Tergov davomida aniqlanishicha, uchrashuv paytida ayol va uning mehmoni spirtli ichimlik ichishgan. Ular oʻrtasida janjal kelib chiqqan. Ayol erkakni itarib yuborganda muhojir boshi bilan eshik kesakisiga urilib, hushini yoʻqotgan. Shundan soʻng ayol omborxonadan arqon olib, uni polning oʻzida boʻgʻib oʻldirgan. Marhumning jasadini ayol oʻz tomorqasiga koʻmib qoʻygan.
Ayblanuvchida oʻldirilgan shaxsning telefoni va bank kartasi qolgan. U erkakning mobil ilovasi parolini bilgani sababli bir necha kun davomida ayol boshqa hisoblarga pul oʻtkazgan va doʻkonlardan tovarlar sotib olgan. U marhum hisobidan boʻlgan pullardan jami 130 ming rubldan ortigʻini ishlatib yuborgan.
Bu ayol ilgari giyohvand moddalar bilan bogʻliq jinoyatlar uchun sudlangan ekan. Tergov davom etayotgan vaqtda u hibsda saqlangan. Endilikda qotil ayol qilmishlari boʻyicha jinoyat ishi sudga oshirildi. Tez orada sudya ushbu ish boʻyicha qaror chiqaradi.