
2021-yilda yo‘l politsiyasi sobiq inspektori Aleksandr Gusev 19 yoshli migrant Vekil Abdullayevning o‘limida ayblangan edi. U yigitni hibsga olish paytida boshiga to‘pponchani tirab otib tashlagan. Natijada muhojir yigit vafot etgan edi. Biroq inspektor o‘sha paytda sudlanmagan – jinoyat ishi «dalillar yetishmasligi» sababli yopib yuborilgan.
Bir necha yil o‘tgach, Gusevning nomi sud yozuvlarida yana paydo bo‘ldi. Bu safar ish 2024-yil 3-iyulda Novosibirsk viloyatining Stansionno-Oyashinskiy qishlog‘ida sodir bo‘lgan voqealar bilan bog‘liq edi. Sud ma’lumotlariga ko‘ra, yo‘l politsiyasi guruhi pitbayk, ya’ni kichik motosiklda ketayotgan ikki 13 yoshli qizni ta’qib qila boshlagan. Ta’qibdan qochishga urinayotgan o‘smirlar transport vositasini boshqarishni yo‘qotib, elektr uzatish liniyasi ustuniga urilib, jiddiy jarohatlar olgan.
Tergov politsiya xodimlarining xatti-harakatlari yo‘lda xavfli vaziyatni yaratganini aniqladi. Bundan tashqari, baxtsiz hodisadan so‘ng ular voqea joyini tark etgan, tez yordam chaqirmagan va baxtsiz hodisa haqida politsiya bo‘limiga xabar bermagan. Sobiq inspektorlar aybini tan olmagan.
Moshkovskiy tuman sudi Aleksandr Gusev va uning sherigini mansab vakolatini suiiste’mol qilishda aybdor deb topdi. Ularning har biri uch yillik jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydi va maxsus unvonlaridan mahrum qilindi. Jabrlangan qizlar kompensatsiya olish huquqiga ega bo‘ldi.
Gusev sud zalida hibsga olindi. Besh yil avvalgidan farqli o‘laroq, bu safar u qamoq jazosidan qochib qutula olmadi. Hukm hali kuchga kirmadi va apellyasiya qilinishi mumkin.