
So‘nggi kunlarda Koreyadagi migratsiya mavzularini yoritishga ixtisoslashgan “Telegram” ijtimoiy tarmog‘idagi “Koreya 24 soat” kanalida Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev, agentlikning sobiq rahbari Afzal Irmatov va boshqa xodimlarning “Koreya ishi” bo‘yicha korrupsion holatlarga aloqadorligi yuzasidan jiddiy ayblov mazmunidagi postlar, foto, video va audio yozuvlar e’lon qilinmoqda.
Kanalning ma’lumotlar bo‘limida A.Toshtemirov ismi yozilgan. Uning Migratsiya agentligining sobiq bo‘lim boshlig‘i, agentlikning Koreyadagi vakolatxonasi rahbari sifatida ishlagan va hozirda xalqaro qidiruvda bo‘lgan Azizbek Toshtemirov ekani aytilmoqda.
A.Toshtemirov 9 iyundan boshlab qo‘yib borayotgan o‘z postlarida “Koreya ishi” bo‘yicha korrupsion holatlarga aloqador barcha faktlar mavjud ekani va ularni huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etishga tayyorligini bildirgan. U o‘ziga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ishni haqiqiy korrupsionerlar tomonidan o‘zlarining jinoyatlarini yashirish maqsadida berilgan buyurtma, deb atagan.
Shuningdek, A.Toshtemirov Koreyaga ishga yuborish uchun jinoiy guruh tomonidan rasmiy to‘lovlardan tashqari firibgarlik yo‘li bilan 7-12 ming AQSH dollardan qariyb 90 mln AQSH dollari yig‘ilgani haqida chiqqan xabarlarga ham munosabat bildirgan:
“Qanaqa 90 million $? Qani o‘sha pullar? Agar bu pullar bor bo‘lsa, olgan odamlar qonun oldida javob bersin. Agar o‘z isbotini topmasa, tuhmat qilganlar jazolansin. Chunki men adolat tarafdoriman. Qachongacha bizda hokim yordamchilari qamaladi? Qachongacha mayda xodimlar aybdor bo‘ladi? Qachongacha biz adolatni boshqa davlatlardan izlaymiz?”.
Shuningdek, A.Toshtemirov agentlikning Koreyadagi vakolatxonasi rahbari sifatida ishlagan vaqtida agentlikning amaldagi rahbari B.Musayev o‘z shaxsiy ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan buyumlar, go‘sht mahsulotlari, gigiyena vositalari va qimmatbaho Hyundai Palisade avtomobili buyurtma qilganini yozgan.
Bu iddaolariga Migratsiya agentligi nima deydi?
Joriy yilning 20 iyun kuni Migratsiya agentligi matbuot xizmati agentlik rahbariyati va xodimlariga nisbatan tarqatilayotgan ma’lumotlar yuzasidan munosabat bildirdi.
Unda qayd etilishicha, holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda tekshiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda.
“So‘nggi vaqtlarda ayrim Telegram kanallari va boshqa internet resurslarida Migratsiya agentligi rahbariyati hamda xodimlariga nisbatan haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, tekshirilmagan va bir tomonlama talqin qilingan ma’lumotlar tarqatilmoqda.
Mazkur holatlar bo‘yicha vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda tekshiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda. Tekshiruv natijalariga ko‘ra barcha holatlarga huquqiy baho beriladi.
Shu munosabat bilan jamoatchilik e’tiborini shu narsaga qaratamizki, davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari faoliyatiga oid har qanday ma’lumotlar faqat rasmiy manbalar va ishonchli dalillarga asoslangan holda baholanishi lozim.
Ayrim internet resurslari orqali shaxsiy ma’lumotlarni tarqatish, sha’n va qadr-qimmatga putur yetkazuvchi ma’lumotlarni e’lon qilish, shuningdek, jamoatchilikni chalg‘itishga qaratilgan harakatlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘riladi”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, bayonotda Migratsiya agentligi o‘z faoliyatini ochiqlik, qonuniylik va javobgarlik tamoyillari asosida davom ettirayotgani va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda barcha holatlarga oydinlik kiritilishi qayd etilgan.