
Migratsiya agentligi 2025-yil davomida xorijda og‘ir moliyaviy va ijtimoiy ahvolga tushib qolgan 3709 nafar O‘zbekiston fuqarosi 22 ta davlatdan Vatanga olib kelingani haqida hisobot berdi.
Yurtdoshlarni qaytarish bilan bog‘liq gumanitar tadbirlar uchun Migratsiya jamg‘armasidan jami 15 milliard 900 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Ushbu xarajatlar transport, tibbiy xizmatlar, tashkiliy va boshqa zarur ishlarga yo‘naltirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 30-iyul — Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan 30-iyuldan 30-avgustga qadar ilk bor “Vatanga qaytarish” xayriya aksiyasi o‘tkazilgan. Aksiya doirasida xorijda og‘ir sharoitda qolgan 1300 nafar fuqaro O‘zbekistonga qaytarilgan.
Ayniqsa, tibbiy holati og‘ir bo‘lgan fuqarolarga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, baxtsiz hodisa yoki og‘ir kasallik sababli 66 nafar fuqaro Vatanga olib kelingan. Ulardan 45 nafari maxsus tibbiy tashish orqali, 21 nafari esa O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi shifokorlari nazorati ostida qaytarilgan.
Barcha transport, tibbiy xizmat va tashkiliy xarajatlar to‘liq Migratsiya jamg‘armasi hisobidan qoplangani ta’kidlandi.
Migratsiya agentligi xorijda mehnat faoliyati davomida murakkab vaziyatga tushib qolgan fuqarolarni belgilangan tartibda murojaat qilishga chaqirib, ko‘rsatiladigan yordam turlari haqida qo‘shimcha ma’lumotlar e’lon qilgan.