“Adolatli Rossiya – Haqiqat uchun” fraksiyasi rahbari va shu nomdagi partiya raisi Sergey Mironov Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun viza rejimini joriy etishni taklif qildi. Novosibirskda viloyat partiya faollari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda u mehnat muhojirlari uchun patent tizimining samaradorligiga shubha bildirdi.
«Patent tizimi o‘zini oqlamaydi, chunki chet el fuqarolari patent olib, ko‘pincha u bo‘yicha ishlashni rejalashtirmaydi. Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza rejimini joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqish kerak. «Ular oilalarisiz kelsin, ishlasin va ketsin», – deydi Mironov. Bu haqda o‘z fikrini Zamonaviy siyosatni o‘rganish instituti direktori Anton Orlov Mironovning taklifi izohlab, uni siyosiy manevyorga o‘xshatgan: “Bir qarashda g‘oya qiziqarli, ammo ehtimoldan yiroq. Mironov – o‘rnatilgan qoidalarni buza olmaydigan tizimli siyosatchi. Bundan tashqari, Rossiya prezidenti qo‘shni davlatlardan ishchi kuchini jalb qilish zarurligi haqida bir necha bor gapirgan. Shuning uchun viza rejimini muhokama qilish ko‘proq saylov oldidan bo‘layotgan harakatlar».
Mutaxassis, shuningdek, tashabbus vaqti tasodifan tanlanmaganini – Ramazon oyi tugashi va Ramazon hayitini nishonlash arafasida, ayniqsa, Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar jamoat joylarida ko‘zga tashlanayotganini ta’kidlagan. Uning fikricha, siyosiy texnologiyalar nuqtai nazaridan bu qadamni puxta o‘ylangan deb hisoblash mumkin.
Migratsiya masalasi Rossiya siyosatidagi asosiy mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda. MDH davlatlari instituti direktori, Davlat Dumasining MDH ishlari va Yevrosiyo integratsiyasi bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Konstantin Zatulin “Svobodnaya pressa” bilan suhbatda mehnat migratsiyasini cheklash tarafdori bo‘lgan siyosatchilar mamlakat iqtisodiy rivojlanishi uchun javobgar emasligini ta’kidladi.
«Rossiya demografik qiyinchiliklarni boshidan kechirmoqda: tug‘ilish darajasi har 100 ayolga 141 bolani tashkil etadi, ishsizlik minimal, fuqarolarning ko‘p qismi safarbar qilingan. Agar muhojirlar ketsa, kadrlar taqchilligi yuzaga keladi, bu esa ish haqining keskin oshishiga olib keladi. Odamlar oson va yuqori maoshli ishlarga o‘ta boshlaydilar, bu esa yuqori texnologiyalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin», deb mulohazalarini bildirgan Zatulin.
Siyosatchi, shuningdek, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash muhim ahamiyatga ega ekanligini, biroq noqonuniy muhojirlarning aksariyati jinoyatchilar emas, balki muddati o‘tgan hujjatlari bo‘lgan odamlar ekanini hisobga olish kerakligini aytadi. Umuman olganda, Rossiya iqtisodiyotining yashirin sektorida 14 millionga yaqin odam ishlaydi, ularning atigi 4 foizini noqonuniy migrantlar tashkil qiladi.
Zatulin Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolari uchun vizalar joriy etilishi ehtimolining geosiyosiy oqibatlariga alohida e’tibor qaratdi. Uning qayd etishicha, yevropalik siyosatchilar mintaqada faol ishlab, migratsiya oqimini Rossiyadan boshqa davlatlarga yo‘naltirishga intilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Gʻarb davlatlari potensial muhojirlarni Rossiyada majburan safarbar qilish yoki diskriminatsiya qilish mumkinligini aytib, ularni qo‘rqitishadi.
“Markaziy Osiyodagi ta’sirimiz zaiflashmoqda, vizaning joriy etilishi esa vaziyatni yanada og‘irlashtirishi, Turkiya, Xitoy va Gʻarbning pozisiyalarini mustahkamlash uchun imkoniyatlar yaratishi mumkin”, – deya xulosa qilgan Zatulin.