Bolaligimizda moshinani motorini tuzatadigan o‘zbeklar juda kam bo‘lardi. Biroq o‘ris yoki nemis “motorist” ustaning uyida 3-4 ta moshina qator tursa-da, o‘zbek usta mijoz kutib o‘tirardi. Yana narxidayam farq bo‘lardi. Hozir ham kompyutermi, elektronikaga oid qanday soha bo‘lsa, “yevropalik” mutaxassislar egallab olgan. Bizniklar kreditga moshina olib, taksi qiladi yoki “dostavka”da ishlaydi.
Yaqinda bir voqea bo‘ldi. Uyimdagi isitish tizimi yaxshi ishlamaganidan ustalarni chaqirdim. Ustalar suv isitadigan qozonni almashtirishni maslahat berishdi. Hozir ustadan ko‘pi yo‘q, qayoqqa qarasangiz temirdan qozonmidi, o‘choqmidi yasab, ko‘chalarga qo‘yib sotishyapti. Borib o‘shalardan olmoqchi bo‘lsam, usta “qo‘ying, ularni o‘zimizni ustalar yasagan, falon joyda Ramil degan tatar usta bor, o‘shaning qozonlari yaxshi” deydi. Baribir o‘sha “kotyol” sotayotganlarni aylandim. Bir-ikki tanish sotuvchilar ham shu gapni qaytardi.
Ikkinchi hodisa uyimdagi internet ishlamay qoldi. Kompaniyaga telefon qilsam, ikki usta tezda kelib tekshirdi. Kabelning konnektori singan ekan, shuni qaytadan ulash kerak. “Buni Dima kelib qiladi, biz bilmaymiz” deydi ustalarning kattasi. “Necha yildan beri shu sohadasiz?” so‘rayman undan. “Yigirma yil bo‘ldi-yov”, deydi usta. “Yigirma yildan beri shuni ulashni o‘rganmadingizmi?” deb yana savolga tutaman. Bu savol ritorik bo‘ldi, shekilli usta javob ham bermadi…
Qo‘shnimning elektr hisoblagichi ishlamay qolibdi. Elektr idorasidan odam kelib, “Vanyani chaqiringlar, buni kodlarini bilmayman”, deydi. Yarim soatdan keyin Vanya kelib, “uchyotchik”ni yarim daqiqada tuzatib ketdi.
Shularni ko‘rib, taajjubda qolasiz: nega o‘zbeklar yangilikka o‘ch emas, nega hatto konnektor ulash yoki elektr hisoblagichni ishga tushirish kabi ishlarni o‘rganib olmaydi?! Qachongacha “vanyalar”, “dimalar”ga ishonib yuramiz?!
37 million ichidan bir-ikki vunderkind chiqsa, “falon o‘quvchimiz xalqaro olimpiadada oltin medal oldi, falon mukofot yutdi, ingliz tilidan yuqori bal oldi” deb maqtanishni qoyillatamiz. Ishoning, shu mukofotlarni ham boshqa davlat o‘quvchilari, talabalari har kuni yutib yotibdi. Hozircha o‘zbekning onasi bolasini faqat Rossiyada ishlash uchun tug‘yapti. Ruschani bilmaydigan bola Rossiyaga ishga ketyapti. “Rus tilidan imtihon bo‘ladi, o‘tolmasang nima qilasan”, desam, “Pul bersa, o‘tkazvoradi” deydi. Pora beraman, deb o‘sha Rossiyada ishi sudga oshirilayotganlari, “podstavka” bilan qamalib qolib, noiloj urushga ketayotganlari qancha…
Qysidir qiziqchi “miyalaringni ishlatinglar, “megabayti” ketmaydi, og‘rimaydi” deganda haq gapni aytgan ekan. Hozirgi yoshlarning aksariyati ozgina bilim, ilm yoki hech bo‘lmasa, nemis tilini bir yil o‘rganishga bo‘yni yor bermaydi.
Bir huquqshunos aka bilan gaplashib qolganimizda, qonunlarimiz avval rus tilida yozilishi, keyin o‘zbekchaga o‘girilishini aytgan edi. Men sababini so‘rasam, qonunni tayyorlaydigan odamlarning ko‘pchiligi yo boshqa millat, yoki rus tilida so‘zlashuvchi o‘zbeklar ekan. Baraka topkurlar, qonun yozmasangiz ham 8 ta simi bor konnektor ulashni, “uchetchik” qulflanib qolsa, ochishni o‘rganib olinglar, o‘zlaringga foyda bo‘ladi. Hozircha ramillar, vanyalar, dimalar bor, o‘shalar jonimizga oro kiryapti, ularning ham vaqti o‘tsa yoki boshqa joyga ko‘chib ketsa nima qilamiz?
Maqoladan maqsad, yoshlarni koyish, tanqid qilish emas, balki ilmga, hunarga targ‘ib qilishdir. Vaqt borida ilm oling, zamonaviy hunarlar o‘rganing, o‘zbek Rossiyaga yoki Yevropaga quruvchi yoki farrosh bo‘lib emas, “ayti” mutaxassisi bo‘lib borsin.
Yoqub Umar