295 15/11/2024

Moliyaviy yostiq — bu kutilmagan xarajatlar va qiyin hayotiy vaziyatlarda yordam beruvchi zaxira mablag‘lardir. Moliyaviy yostiq ishni yo‘qotganda, kasallik yoki boshqa moliyaviy qiyinchiliklar kabi holatlarda asosiy ehtiyojlarni qoplash imkonini beradi. Odatda, bunday yostiqning miqdori 3-6 oylik asosiy xarajatlarni qoplashga yetarli summada bo‘ladi.

Migrantlar uchun moliyaviy yostiq juda muhim. Chunki muhojirlarning daromadlari ko‘pincha barqaror emas. Masalan, turli tekshiruvlar natijasida ishga bora olmay qolish ehtimoli baland, to‘lash shart bo‘lgan majburiyatlar ham talaygina. Ular orasida patent, migratsiya qaydi, uy-joy, oziq-ovqat va boshqalar bor. Bundan tashqari, migrantlar qo‘shimcha xarajatlarni talab qiladigan huquqiy yoki ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelishlari mumkin. Moliyaviy yostiq shunday vaziyatlarda ishonch va xotirjamlikni ta’minlaydi.

Moliyaviy yostiqni to‘g‘ri shakllantirish uchun migrantlarga ham, migrant bo‘lmaganlarga ham har bir daromaddan kichik miqdorda bo‘lsa ham mablag‘ ajratish tavsiya etiladi. Moliyaviy yostiq sifatida ajratib qo‘yiladigan pul kundalik xarajatlar uchun ishlatilmaydigan alohida hisobda saqlanishi kerak.

Masalan, har bir maosh yoki qo‘shimcha daromadingizdan 10%ini ajratib, moliyaviy yostiqni to‘plashingiz mumkin. Agar ishingiz mavsumiy yoki barqaror bo‘lmasa, har oyda minimal summani belgilangan tarzda ajratish yoki choy pullari, bonuslar kabi pullarni zaxiraga yig‘ish mumkin.

Moliyaviy yostiq summasi qancha bo‘lishi kerak? Aynan sizning sharoitingizda moliyaviy yostiq necha pul bo‘lishini hisoblash uchun majburiy xarajatlarni hisoblab chiqish lozim bo‘ladi. Masalan, patent to‘lovi (8 ming rubl), mobil aloqa (ming rubl), migratsiya qaydi (2,5 ming rubl), yeb-ichish va yashash joyi uchun (12 ming rubl) majburiy xarajatlaringiz bor deb olaylik. Demak, bir oylik majburiy xarajatlaringiz 22500 rublga teng. Moliyaviy yostiq sizga kamida uch oy bemalol xarajatlaringizni qoplash imkonini berishi kerak. Shunda uch oylik xarajalaringiz (22500×3=67500 rubl) 67 500 rublga teng bo‘ladi.

Moliyaviy yostiq qanchalik ko‘p oylik xarajatlaringizni qoplay olsa shuncha yaxshi. O‘rtacha hisobda 6 oylik xarajatlaringizni qoplaydigan moliyaviy yostig‘ingiz bo‘lishi maqsadga muvofiq.

Moliyaviy yostiq migrantlarga ertangi kunga ishonch bag‘ishlaydi, xotirjamlik beradi va kutilmagan xarajatlar bilan bog‘liq ortiqcha stressdan qutulishga yordam beradi. Moliyaviy yostiq bo‘lsa turli qiyinchiliklardan chiqish osonroq, begona mamlakatda ish va moslashuv jarayoniga e’tibor qaratish, bemalolroq ishlash mumkin bo‘ladi.

Sizning moliyaviy yostig‘ingiz bormi?

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya