Moskvaning “Vnukovo” aeroporti G‘alaba bayramini nishonlash vaqtida maksimal xavfsizlikni ta’minlash maqsadida 8-12-may kunlari yo‘lovchilarni tekshirish choralarini kuchaytirmoqda. Bu haqda RIA Novosti aeroport matbuot xizmatiga tayanib xabar bermoqda.
Aytilishicha, 8-may kuni ertalab soat 8.00 dan 12-may kuni ertalabki 8.00 gacha aeroportda kuchaytirilgan xavfsizlik choralari amal qiladi.
Yo‘lovchilardan barcha zarur protseduralardan o‘tish uchun aeroportga oldindan yetib kelishlari so‘ralgan.
Moskvada G‘alabaning 80 yilligini nishonlash tadbirlari munosabati bilan 7-9-may kunlari cheklovlar joriy etilishi mumkin. Bu haqda poytaxt hokimi va hukumati matbuot xizmati xabar berdi. Tadbirga yuqori darajadagi koʻplab xorijiy delegatsiyalar kelishi kutilayotgani, shu bois shahar transportida cheklovlar joriy etilishi eslatildi. Shuningdek, mobil internet faoliyatida ham cheklovlar bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan.
Avvalroq moskvaliklarga may oyidagi bayramlarda internet cheklovlari ham kutilayotgani xabar berilgan edi.
“Vnukovo” aeroportida terminalga faqat chipta yoki bortga chiqish talonlari, shuningdek, shaxsini tasdiqlovchi hujjati boʻlgan yoʻlovchilar kiritiladi.
“Yo‘lovchilarning terminalga kirishi faqat (qog‘ozda) chop etilgan marshrut kvitansiyasi yoki bortga chiqish taloni hamda shaxsini tasdiqlovchi hujjat ko‘rsatilgandan keyin mumkin bo‘ladi”, — deyiladi aeroportda.
Barcha chiptalar yoki bortga chiqish talonlari kelishdan oldin chop etilishi kerak.