366 24/12/2025

Moskvada avtobus, tramvay, trolleybus va metroda yuradigan yo‘lovchilar uchun yangi, qat’iyroq qoidalar joriy etildi. TASS xabariga ko‘ra, Moskva shahar dumasi yo‘l haqini to‘lamaslik va transportda tartib buzganlar uchun jarimalarni oshirish haqidagi qarorni ma’qulladi.

Endi chipta olmasdan yurish ancha qimmatga tushadi. Yer usti jamoat transportida yo‘l haqini to‘lamagan yoki boshqa odamning imtiyozli kartasidan foydalangan yo‘lovchilarga katta jarima solinadi. Bu qoida Moskva ichidagi hamda shahar atrofiga qatnovchi barcha yo‘nalishlarga tegishli.

Bagaj va qo‘l yukiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Belgilangan me’yordan ortiq yuk olib kirib, unga haq to‘lamagan yo‘lovchilar jazolanadi. Metroda o‘rindiqlar va skameykalarga sumka yoki buyum qo‘yish ham qoidabuzarlik hisoblanadi.

Transportda o‘zini tutish qoidalari ham qat’iylashdi. Naushniksiz baland ovozda musiqa tinglash, video ko‘rish, kolonka yoki musiqa asboblaridan ruxsatsiz foydalanish, shuningdek, velosiped, skuter, hayvonlar yoki mo‘rt buyumlarni noto‘g‘ri olib yurish uchun jarima qo‘llanadi.

Metroda esa tartib yanada kuchli nazorat qilinadi. Kir yoki hidli kiyimda yurish, atrofdagilarni ifloslantirishi mumkin bo‘lgan narsalar olib kirish, eskalatorda yugurish, zinapoyalar va tutqichlarga o‘tirish, ruxsatsiz foto va video olish ham qoidabuzarlik hisoblanadi. Vagonlar va stansiyalarni ifloslantirish ham jazoga sabab bo‘ladi.

Eng xavfli holatlar – poyezd eshiklarini harakat paytida ochish, portlovchi yoki zaharli moddalar olib yurish, vagon tomiga chiqish yoki transport xavfsizligi tizimlariga aralashish katta jarima to‘lanadi.

Rasmiylarning aytishicha, bu o‘zgarishlar yo‘lovchilar tartibini yaxshilash va jamoat transportini hamma uchun xavfsiz qilish maqsadida kiritilgan. Endi Moskvada transport qoidalarini buzish avvalgidan ancha qimmatga tushadi.

 

Rossiyada yurish-turish qoidalari, madaniyat, etika

Navigatsiya