
Moskvaning Zorge ko‘chasida joylashgan itlar boshpanasida yong‘in chiqib, kamida 13 hayvon nobud bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘inga boshpanadagi mehnat muhojirining ehtiyotsizligi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Volontyor Viktoriyaning tushuntirishicha, hayvonlarga o‘zbekistonlik migrantlar qaragan, lekin ular bo‘sh vaqtlarida spirtli ichimliklar ichgan. Voqea sodir bo‘lgan kuni ham ziyofat bo‘lgan va erkaklardan biri yondirilgan sigaret bilan uxlab qolgan.
«Bu ataylab o‘t qo‘yish emas, beparvolik bo‘lgan. Qolaversa, bunga boshpana rahbariyati rozi bo‘lib, ishchilarni nazoratsiz va mast holda qoldirgan», – deya ta’kidlagan ko‘ngilli.
Uning hamkasbi Nadejdaning aniqlik kiritishicha, hayvonlarning bir qismi qochishga muvaffaq bo‘lgan, hozirda ko‘ngillilar ularni qidirib, qo‘lga olishmoqda.
Savelovskaya tumanlararo prokuraturasi matbuot xizmati voqea holatlari yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilayotganini xabar qildi. “Yong‘inning aniq sababi yong‘in xavfsizligi bo‘yicha ekspertiza o‘tkazilgandan keyin aniqlanadi”, — deyiladi idora xabarida.