Moskva shahrida «KamAZ» yuk mashinasi va tramvay ishtirokida jiddiy yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Avariya «Voykovskaya» metro bekati yaqinida, Leningrad shossesida sodir bo‘lgan. Yuk mashinasi boshqaruvida migrant bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yuk mashinasi haydovchisi tramvay yo‘liga chiqib ketgan va yo‘lovchilarni tashiyotgan tramvay bilan to‘qnashgan. Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, haydovchi tramvayga yo‘l bermagan, deya xabar beradi «RuNews».
Hodisa natijasida jabrlanganlar haqidagi ma’lumotlar hozircha qarama-qarshi. RЕN TV jabrlanganlar borligini xabar qilgan, ammo ularning aniq soni aniqlanmoqda. Shu bilan birga, metropoliten matbuot xizmati «hech kim jarohat olmagan» deb bayonot berdi.
Matbuot xizmati xabarida ba’zi yo‘lovchilar tramvayning eshiklari haydovchi tomonidan ochilganiga qaramay, vagonni derazalar orqali tark etganliklari ta’kidlangan.
Hozirda hodisa yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlari surishtiruv olib bormoqda. Bugun Moskvada qor va yog‘ingarchilik kuzatilmoqda, ehtimol, ob-havo ham hodisaga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.