Maqola

139 14/08/2024

Markaziy Osiyo davlatlarining fuqarolari Rossiyaga kiritilmaslik holatlari davom etmoqda. 10 avgust kuni Migrant.uz muxbiri Urganchdan Moskvaning Sheremetyevo aeroportiga qo‘ngach, chegaradan kiritilmagan hamyurtimiz Dostonbek S. bilan suhbatlashdi. Suhbatdoshimizning ta’kidlashicha, aeroportning neytral hududiga har kuni Rossiyaga kiritilmagan yuzlab muhojirlar kelmoqda.

Dostonbek 10 avgust kuni Urganchdan Moskvaga Aeroflot aviakompaniyasi samolyotida uchib kelgan, biroq 2012 yildan buyon Moskvada qurilish sohasida ishlab keladigan o‘zbekistonlik yigit bu safar chegarachi bilan noodatiy suhbatga duch keldi. Dostonbekka avval qayerda ishlagani, kim bo‘lib ishlashi, maoshi haqida savollar berilgach, chegarachi unga armiyada xizmat qilishni taklif qilgan.

– Migratsion kartaga “pechat” qo‘yish uchun borganda chegarachi avval qayerda ishlagansan, hozir qayerda ishlaysan, oyliklaring necha pul, deb so‘radi. Javob berganimdan keyin senga yaxshiroq ish taklif qilsak, ishlaysanmi deb so‘radi. Nima ish, deb so‘raganimda armiyada xizmat qilasan, keyin politsiyada ishlaysan, degan javobni berdi. Yo‘q, deganimda, maosh masalasini ko‘tardi. Har oy 200 ming rubldan oylik olasan, ish boshlashingdan avval yana qanchadir summa pul beriladi, deb aytdi. Shundan keyin ham men “net, ne xochu” (yo‘q, xohlamayman) deb, o‘zimning ishim borligi va yaxshiligini aytdim. Javobimdan so‘ng meni ortga qaytarishdi. “Opros” degan xonani oldida navbatimni kutib turdim.

Dostonbekning aytishicha, “armiyada xizmat qilish taklifi” faqat unga berilmagan. Faqat yoshi katta odamlar rad javobini bersa, ularni qatordan chiqarmay, o‘tkazaverishgan. Dostonbekka o‘xshagan yosh yigitlar esa Rossiyaga kiritilmagan. Neytral hudud (steril hudud) da ham asosan yosh yigitlar O‘zbekistonga yuborishlarini kutayotganini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra 150 nafar Rossiyaga kiritilmaganlarning deyarli barchasi yigitlar. Ularning orasida faqat ikki nafar qirg‘izistonlik ayollar bor.

– “Opros” deb nomlangan xonaga kirishdan avval navbatimni kutdim. Navbatingiz kelsa ism, familiyangizni aytib, chaqirishadi. Xonaga ikkitadan kiriladi. Chunki suhbat qiladigan xodimlar ham ikki nafar. Suhbat ko‘p cho‘zilmadi. Qayerda ishlashimni, nima ish qilishimni so‘rashdi. Telefonimni ko‘p tekshirishmadi, tez qaytarib berishdi. IMEI kodini yozib olishdi, xolos. Suhbatdan keyin neytral hududga o‘tdim. Hujjatlarimni berishmadi. O‘zlarida olib qolishdi. Nima uchun Rossiyaga kiritilmaganimni ham tushunganim yo‘q. Faqat men emas, hech kim tushunmadi. Meni zapretim yo‘q, MVD saytida hozirgacha tekshirsam, hech qanday zapret chiqmayapti.

Aeroportdagi shart-sharoitlar bo‘yicha hamyurtimizning ma’lum qilishicha, har kuni neytral hududga o‘nlab odamlar keladi va yana o‘nlab odamlar vatanlariga qaytarib yuboriladi. Rossiyaga kiritilmaganlar qaysi shahardan uchib kelgan bo‘lsa, o‘sha shaharga qaytarib yuborilmoqda. Toshkentga har kuni reys bor. Shuning uchun Toshkentdan uchib kelayotganlar tez ortga qaytarilmoqda. Boshqa shaharlarga reyslar kamroq. Shuning uchun ular ko‘p qolib ketyapti. Qolaversa, puli bor fuqarolar o‘zlarining yonidan biletga mablag‘ sarflab tez qaytib ketmoqda. Dostonbek o‘zi bilan uchib kelgan bir tanishi Sheremetyevoda Rossiyaga kiritilmagach, o‘z yonidan bilet xarid qilib, Toshkentga uchganini, Toshkentdan esa Domodedovoga qaytadan uchib kelganini va muammosiz Rossiyaga kirib kelib, allaqachon ishga joylashib ulgurganini aytadi.

– Men biletni ham qarzga olgandim. Shuning uchun o‘zlari bilet tashkillashlarini kutyapman. Bu yerda birinchi kuni qolganimda ovqat berilmadi, o‘zim bilan olib kelgan non va boshqa mahsulotlarni yeb kun o‘tkazdim. Ikkinchi kundan “Aeroflot” aviakompaniyasi ovqat berishni boshladi. Non, grechka, makaron, choy, yog‘ va boshqa shunga o‘xshash mahsulotlarni berishayotgandi. Lekin bugundan yana to‘xtab qoldi. Negaligini so‘raganimda yangi kelganlarga ovqat berilishini, uch kundan ko‘p qolganlarga ovqat berish to‘xtatilishini aytishdi. Ovqatsiz oson bo‘lmas ekan. Bu yerdagi kafelarda nonning narxi 500 rubl (7 AQSH dollar atrofida), deydi Dostonbek kafedagi narx-navo rasmlarini yuborar ekan.

O‘zbekistonda muntazam ishi yo‘qligini, 12 yildan buyon faqat Rossiyaga qatnab ishlashini aytadigan hamyurtimiz o‘zi yashaydigan Beruniy shahrida (Qoraqalpog‘iston) oilasi, ikki nafar farzandi borligini aytadi. Dostonbekning aytishicha, u Rossiyada ishlab, uylanish uchun pul yig‘gan, uy solgan, oila qurgan va oxirgi kelib-ketishida akasiga ham uy solishga yordamlashgan. Bu safar esa o‘z uyining ta’mirini yaxshilash uchun Rossiyaga otlangan edi. Boshqalarga tavsiyalari bilan bo‘lishar ekan, Dostonbek Rossiyadan boshqa alternativ varianti yo‘qligidan pushaymonligini aytadi.

– Shu yerga kelmaslik uchun o‘qish kerak. Kasbli bo‘lsang, tilni yaxshi bilsang, alternativ yo‘llar topilardi, degan xulosaga kelayapman. O‘qimaganimdan afsuslanaman. Hammasi shu o‘qishga borib taqalmoqda. Kasb, hunar yoki xorij tilini o‘rganganimda hozir Rossiyadan boshqa davlatga ham borishni o‘ylagan bo‘lardim. Faqat Rossiyaga bunchalik bog‘lanib qolmagan bo‘lardim. Hozir har kuni ertalab keladigan FSB xodimidan qachon ketaman, deb so‘rayapman. Har kuni har xil xodim kelib, sizlar ch.1 st.27 FZ “O pravilax vыyezda iz Rossiyskoy Federasii i v’yezda v Rossiyskuyu Federasiyu”ga asosan Rossiyaga kiritilmagansiz, deb tushuntiradi. Asosan birinchi marta kelganlar qaytarilmoqda. Yoshi katta erkaklarni ko‘rmadim. Moskvada o‘rtacha 500-800 dollar olardim. O‘zbekistonda karantin vaqtida uch million so‘mga ishlaganman. Hozir qaytsam mashinada Rossiyaga kelib ko‘rishni o‘ylayapman. Bir million so‘m sarflab kelsa bo‘larkan. Agar kiritsa, kelib ishlayman. Kiritmasa, Qozog‘istonda qolib ishlamoqchiman. Ishlamasam bo‘lmaydi. Boshqa daromadim yo‘q. Yerga, uyga soliq to‘lashim kerak. Energiyaga to‘lashim kerak. Davlatdan qarzim bor, deydi suhbatdoshimiz.

Ayni vaqtda aeroportlarda yoki chegaralarda Rossiyaga kiritilmay qolib ketayotgan o‘zbekistonliklarga amaliy yordam berish bo‘yicha hukumat tomonidan hech qanday tashkiliy chora-tadbirlar ko‘rilgani yo‘q.

O‘z muxbirimiz

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya