Maqola

341 16/10/2024

Moskvada havo harorati 7 darajaga tushdi, qor, yomg‘ir va ba’zan sovuq shamol esishidan tashqari, dilni quvontiradigan yangiliklar ham ko‘p emas. Dollar kursi oshmoqda, axborot olamida vahimali yangiliklar ko‘payib ketgan.
Telegram kanallar migrantlarga uyushtirilayotgan reydlar haqidagi xabarlar bilan to‘la. Jamiyatda taranglik sezilmoqda. Migrantlar soni kun sayin kamayishda davom etyapti. Shunday noodatiy vaqtda Migrant.uz muxbiri migrantlarga murojaat qilib, ularning hol-ahvolini so‘rashga, hayotlarida o‘zgarishlar bormi va qanday maqsadlar bilan yashashayotganini bilishga intildi.

Alisher, 29 yoshda, andijonlik:

– Rossiyaga uchinchi marta kelishim. Oxirgi marta 2022-yilda bo‘lganman. Keyin uyga qaytib, bir yildan ortiq vaqt davomida uyda bo‘ldim, biznes qilib ko‘rdim. Kredit oldim, ishlashni boshladim, kichik kiyim do‘koni ochdim. Lekin ish yurishmadi. Bozorlarda odam kamayib ketganini internetda ham chiqarishdi-ku. Savdo juda sust bo‘ldi, kredit pullari bilan ijarani to‘lab, katta minusga kirib ketdim. Oxiri do‘konni yopishga qaror qildim. Kreditlarimni to‘lash uchun yana Rossiyaga keldim. Kelsam ko‘p narsa o‘zgaribdi. Maoshlar oshgan, lekin migrantlarga talablar ham kuchayib ketibdi. To‘rt oydan beri ishlayapman, lekin go‘yoki bir yildan ortiq vaqt o‘tgandek. Politsiya bo‘limida 6 marta bo‘ldim. Hujjatlar va tekshiruvlardan juda charchadim. Endi birinchi xarajatlar va hujjatlardan qutuldim. Endi pul ishlab kreditlarni yopaman. Keyin uyga qaytaman, lekin bu safar kreditlarsiz o‘z ishimni boshlayman.

Feruza, 38 yoshda, Samarqand viloyatidan:

– Men 6 yildan ortiq enagalik qilaman. Bu oilada 3 yildan beri ishlayapman. Hamma narsa yaxshi, maoshni oshirishyapti, “registratsiya”ni o‘zlari qilishadi. Yeb-ichishlarim shu yerda, yashash joyim ham. Meni hamma narsa qoniqtiradi, faqat patent va ba’zi boshqa xarajatlarni to‘layman, xolos. Shu oilaning o‘zida yashaganim uchun erim bilan ko‘p tortishamiz. U taksichilik qiladi. Unga mening alohida yashashim yoqmaydi. Lekin ish beruvchining talabi shu, erim ham shu yerda yashasin deb aytolmayman. Maoshi yaxshiligi uchun ishlayapman. Chunki uy quryapmiz. So‘nggi paytlarda hujjatlar, tekshiruvlar, ijara tufayli erim juda kam pul topyapti. Buning uchun uni ayblamayman. Hatto patenti bo‘lsa ham, ba’zi “ГИБДД” xodimlari pora talab qiladi. Hozir farzandlarimiz va uyimizning qurilishi mening bo‘ynimda. Bundan juda charchadim. Chunki doimiy bosim ostidaman, biror dalda yo‘q. Ishlayman, qurilishga, bolalarga yuboraman, bu yerda erim bilan doim tortishamiz. Albatta, har qanday ayol kabi erimdan mehr istayman, bolalarimni bag‘rimga bosib o‘z uyimda yashashni istayman, bu janjallarni emas. Avval katta uy qurmoqchi edik, hozir katta uy qurishdan voz kechdik. Tezroq qurilishni tugatib, ketgim kelyapti. Pul ber, birga yashamaysan degan bosim ostida yashashdan juda charchadim.

Abdulaziz Qahramonov, 57 yoshda, Qashqadaryo viloyatidan:

– Ko‘p narsa o‘zgardi. Albatta, avvalo tekshiruvlar. Biz qurilishda ishlaymiz. So‘nggi oy ichida uch marta qurilish joyida tekshiruvlar bo‘ldi. Bizni bo‘limga olib borishmaydi, lekin tekshiruv davomida ish to‘xtatiladi. Bizning maoshimiz bajarilgan ishga bog‘liq, ish qilsang pul olasan, tekshiruv paytida esa ish qilolmaysan. Hozir kech tez tushadi, kechasi ko‘p ishlashning iloji yo‘q, yozdagidek kun uzun emas. Shuning uchun tekshiruvlar, kunning qisqaligi daromadimizga juda ta’sir qilmoqda. Yoshim ham katta bo‘lib qolgani sezilmoqda. Ishonasizmi, bir oydan ortiq vaqt davomida sertifikat, patent, “уведомление” bilan yugurdik, bazada INN chiqmay qoladimi, sertifikatni qabul qilmaydimi-yey. Oldin hammasi ancha oson edi, ishlardik va ketardik, keyin yana qaytib kelardik. Bu safar aeroportda meni to‘rt soatdan ortiq vaqt davomida so‘roq qilishdi. To‘rt soat oyoqda tik turdim. Men endi yosh emasman, kuchim va g‘ayratim kamaygan. Bu yerda o‘zimga nisbatan qandaydir sovuqlikni sezyapman. Oldin hamma narsani oqlardim, Putin va Rossiyani ko‘p himoya qilardim. Endi o‘zimni begona joyda turgandek his qilyapman. Har joyda munosabatlar keskin o‘zgargan. Bu menga yoqmayapti, albatta, bu safar ishlayman va butunlay ketaman, deb turibman. Endi Rossiyaga kelmayman, avvalgi Rossiya qolmagan, yangiliklarni ko‘rayapsiz-ku. Yangiliklardan ham juda charchadim, albatta. Shuning uchun yangiliklarni kamroq ko‘radigan bo’lib qolganman. Ko‘proq qizlarim, nevaralarim va ota-onam bilan muloqot qilaman, qarindoshlar bilan ham gaplashib turaman. Yosh kattalashganini shunda ham mana o‘zini bildiryapti.

Hurmatli o‘quvchi, siz ham musofirlikdagi hayotingiz, unda nimalar o‘zgargani haqida @migrantxabar akkauntiga yozishingiz mumkin.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya