2025-yil aprel oyida Moskva shahar sudi “Moskva shahridagi o‘zbek milliy-madaniy avtonomiyasi”ni yopish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Tashkilot 2015-yildan buyon faoliyat yuritib, Rossiya poytaxtida o‘zbeklarga o‘z tili, an’analari va madaniyatini saqlab qolishga yordam berib kelayotgan edi.
Yopilish sabablari
Rossiya Adliya vazirligi avtonomiyani yopish uchun quyidagi qonunbuzarliklarni ko‘rsatib, sudga murojaat qildi:
• Tashkilot hujjatlarda ko‘rsatilgan manzilda joylashmagan va uning haqiqiy joylashgan joyini aniqlashning iloji bo‘lmagan.
• Avtonomiya nizomida Rossiya qonunlariga mos kelmaydigan bandlar bo‘lgan.
• Avtonomiya qayta-qayta eslatilganiga qaramay, o‘z faoliyati to‘g‘risida hisobot, boshqaruv va moliyaviy hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etmagan.
Baxrom Ismoilovning bayonotlari
2022-yildan 2025-yilning yanvarigacha «avtonomiya»ni boshqarib kelgan Baxrom Ismoilovning bir necha bayonotlari Rossiya davlat organlari, LDPR kabi millatchi partiyalarning noroziligiga sabab bo‘ldi. U Rossiyadagi o‘zbeklarning kelajakda soni bo‘yicha mamlakatda uchinchi o‘rinda turishini ta’kidlagan. U, shuningdek, O‘zbekiston aholisining 100 million kishiga ko‘payishi va o‘zbeklarning dunyo bo‘ylab tarqalib ketishini aytgan.
2025-yilning yanvarida asli navoiylik, Rossiya Ichki ishlar vazirligi va Komi Respublikasi davlat idoralarida tajribaga ega Soip Ro‘ziboyev «avtonomiya»ning yangi rahbari etib tayinlandi. Biroq rahbariyat o‘zgarganiga qaramay, tashkilot Adliya vazirligi va ayrim siyosatchilarning ko‘ziga yomon ko‘rinib qolgani uning tugatilishiga olib keldi.
Rossiya Davlat Dumasi Ismoilovning faoliyatini, jumladan, fuqarolikni olishi, biznesi va diasporada ishlashini tekshirishni boshladi.
Rossiya fuqarosi sifatida Rossiyaga sodiqligini TV va boshqa OAVlarda ko‘rsatib kelgan Ismoilov nega rossiyalik siyosatchilarning g‘azabiga uchradi?
Shuni ham aytish lozimki, 2022-yilda UzMigrant veb-saytiga aloqador NorthJobs kompaniyasi o‘zbekistonliklarga Rossiya armiyasida kontrakt xizmatiga kirishga yordam bergani haqida yozilgan edi.
Har ikkala loyiha, ya’ni UzMigrant va NorthJobs o‘zbekistonlik, lekin uzoq vaqtdan beri Rossiyada yashab, ishlab kelayotgan huquqshunos Baxrom Ismoilovga tegishli. U YouTube’dagi videolaridan birida harbiy xizmat qilish orqali Rossiya fuqaroligini atigi uch oy ichida olish mumkinligini aytgan edi.
Biroq Ismoilovning o‘zi bularning barchasini rad etgan. Uning aytishicha, u harbiy amaliyotlarda qatnashish uchun hech kimni yollamagan, harbiylar bilan hamkorlik qilmagan va uning kompaniyasi muhojirlarga faqat yuridik yordam ko‘rsatgan.