826 31/07/2026

Moskva shahridagi qurilish ob’yektlaridan birida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda. Holat yuzasidan O‘zbekiston Migratsiya agentligi rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, 2026-yil 27-iyul kuni Moskva shahrining Ochakovo-Matveyevskiy tumanida joylashgan qurilish maydonida nazorat tadbirlari o‘tkazilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur ob’yektda 320 nafardan ortiq xorijiy fuqaro, jumladan O‘zbekiston fuqarolari ham mehnat faoliyati bilan shug‘ullangan.

Migratsiya agentligining Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi xodimlari voqea joyiga chiqib, vaziyatni o‘rganishni boshlagan. Shuningdek, O‘zbekistonning Rossiyadagi Elchixonasi bilan hamkorlikda holatga huquqiy baho berish ishlari olib borilayotgani, tekshiruv yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilishi bildirildi.

Agentlik xorijda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining mehnat va boshqa qonuniy huquqlarini himoya qilish vakolatiga ega ekanini eslatdi. Agar reydlar yoki boshqa holatlarda fuqarolarning huquqlari buzilgan bo‘lsa, ularga Migratsiya agentligiga murojaat qilish tavsiya etilmoqda.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, zarurat tug‘ilganda Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 3 ming AQSH dollarigacha advokat xizmatlari xarajatlari qoplab berilishi mumkin. Ayni paytda agentlik Rossiyadagi 15 dan ortiq advokatlik kompaniyasi bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

Shuningdek, og‘ir vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga zaruratga qarab 30 kungacha bepul vaqtincha yashash joyi ham taqdim etiladi.

Migratsiya agentligi huquqiy yordam olish uchun 1282 qisqa raqami va @huquqiy_yordam_uzbot telegram-boti orqali murojaat qilish mumkinligini eslatdi. Moskvadagi vakolatxona esa shaharning 1-Kazachiy tor ko‘chasi, 11/2-uy manzilida faoliyat yuritmoqda.

«Putin uchun o‘lish»: Markaziy Osiyoliklarning Rossiya armiyasidagi fojiasi

Navigatsiya