Maqola

452 21/08/2025

Sog‘liq insonning eng qimmatli boyligi. Mashhur faylasuf Artur Shopengauer aytganidek “Sog‘liqsiz baxt yo‘q”. Usiz topilgan har qanday boylikning qiymati sariq chaqaga arzimaydi. Ayniqsa, muhojirlikdagi ayollar uchun bu juda dolzarb. O‘z mamlakatidan olisda yashash jarayonida ular turli qiyinchiliklarga duch kelishadi: og‘ir mehnat, stress va eng asosiysi, tibbiy xizmatlardan foydalanish muammolari.

Muhojir ayol kishi kasal bo‘lib qolsa, uning ahvoli ikki karra og‘irlashadi. Chunki bir tomondan tibbiy xizmatlar narxi juda qimmat, ikkinchi tomondan esa sug‘urta bilan bog‘liq muammolar to‘siq bo‘ladi.

Afsuski, aksariyat muhojir ayollar qo‘llaridagi ixtiyoriy sug‘urta polisini patent olish uchun kerakli hujjatlardan biri, deb o‘ylaydi. Ushbu polisning tibbiy ko‘rik va muolajalarda qanchalik yordam bera olishidan esa xabarlari yo‘q.

”2014 yilning 13 dekabridan boshlab, Rossiyada mehnat qilayotgan muhojirlarga ixtiyoriy tibbiy sug‘urta rasmiylashtirish majburiy qilib qo‘yilgan. Rossiya ushbu majburiyatni kiritishda Gʻarb davlatlarining migratsiya siyosatidagi amaliyotini andoza olgan.

Chunki ishlash uchun kelayotgan muhojirlar sug‘urta hisobiga salomatliklarini nazorat qilib borishlari va bu bilan Rossiya byudjetiga yuklama bo‘lmasliklari ko‘zda tutilgan edi. Bu tashabbus ham migrantlarga, ham Rossiyaga foydali, ya’ni ikki tarafning ham manfaatiga xizmat qiladi. Lekin 2014 yildan keyin ko‘p narsalar o‘zgarib ketdi, bugungi kunda muhojirlarga qaratilagn talablar ko‘payib bormoqda. Hozirgi polislar esa ushbu talablarga javob bera oladi va ayniqsa, muhojir ayollarga yelkadosh bo‘la oladi, deyish juda qiyin”
, deydi huquqshunos Zarnigor Omonillayeva.

O‘zbekistonlik Aziza Moskvadagi restoranlarning birida ishlaydi, idish yuvib, ish joyini tozalash bilan ertalabdan kechgacha vaqtini o‘tkazadi. Bu esa to‘g‘ridan to‘g‘ri uning salomatligiga ta’sir qilmoqda.

“Ertalabdan kechgacha suv bilan ishlayman. Ishim oson emas. Oxirgi bir hafta belim juda og‘irmoqda. Og‘riq qoldiruvchi dori bilan yuribman. Shifokorga yozilishga ortiqcha mablag‘im yo‘q. Shuning uchun shu polisdan foydalanishni o‘rganib olsam yaxshi bo‘lardi. Negadir bu haqida hech qayerda umuman ma’lumot yo‘q”, deydi suhbatdoshimiz.

Aziza singari yana minglab muhojir ayollar Rossiyada qonuniy ishlaydi, patent qatorida ixtiyoriy tibbiy sug‘urta – “добровольное медицинское страхование” polisini rasmiylashtiradi. Ammo polis imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha axborotga to‘liq emas.
Migrant.uz jamoasi o‘nlab kompaniyalarning sayt va sug‘urta polislarini o‘rganib chiqdi. Deyarli hech qayerda polislar qanday holatlarda ishlatilishi va ishlatilish tartibi bo‘yicha to‘liq ma’lumot topa olmadi.

Huquqshunos, migratsiya masalalari bo‘yicha ekspert bu masala xususida shunday dedi:

ДМС”larga nisbatan qo‘yilgan minimal talab Rossiya Bankining qarori bilan tartibga solinadi («Указа Банка России №3793-У «О минимальных (стандартных) требованиях к условиям и порядку осуществления медицинского страхования в части добровольного медицинского страхования иностранных граждан и лиц без гражданства, находящихся на территории Российской Федерации с целью осуществления ими трудовой деятельности»). Hozir muhojirlarga sotilayotgan polislardagi sug‘urta dasturi asosan eng minimal majburiy xizmatlar to‘plamidan iborat. Ularga birinchi tibbiy-sanitar yordam va kechiktirib bo‘lmaydigan maxsus tibbiy yordam kiradi.

Polis bo‘yicha tibbiy yordam ko‘rsatadigan klinika va shifoxonalar haqida ma’lumotni sug‘urtada ko‘rsatilgan telefon raqamlariga aloqaga chiqib, “медицинский пульт” bilan bog‘lanib, aniqlashlari mumkin. Ya’ni tartib shunday. Avval koll-markaz bilan, keyin ular orqali “medisinskiy pult”bilan bog‘laniladi. U yerda xodim polis raqami va Familiya, ism kabi ayrim ma’lumotlarni sizdan olgach, shikoyatingizni eshitadi. Qayeringiz og‘riyotgani va qaysi shaharda ekaningizni aytsangiz, murojaat qilishingiz mumkin bo‘lgan shifoxona manzilini berishadi. U shifoxona bilan bog‘lanib, qabulga borguningizcha sug‘urta kompaniyasi polisingiz bo‘yicha siz uchun kompaniya to‘lov o‘tkazishi haqida “гарантийное письмо” (kafolat xati) yuboradi. Shuning uchun bemalol qabulga kirib chiqa olasiz.

Agar qandaydir qo‘shimcha tekshiruv va “анализ”lar tayinlansa, ularni avval sug‘urta kompaniyasidagi “медицинский пульт” bilan bog‘lanib, tayinlangan narsalar haqida ma’lumotni maslahatlashish kerak..”.
Aziza Migrant.uz jamoasi bilan birgalikda belining og‘rig‘i tufayli shifokorga yozilishni maqsad qildi. Uning polisida koll-markaz raqami yaxshi ko‘rinmagani uchun sug‘urta kompaniyasining saytidan telefon raqam oldik. Telefon qilganimizdan keyin Aziza qaysi shaharda ekanini bilib, o‘sha shahardagi tibbiy pult bilan bog‘lab berishdi.

U yerda Azizaning shikoyatlaridan kelib chiqib, Moskva shahridagi 5-sonli poliklinikaga borishi mumkinligi aytildi. Kafolat xati suhbat davomida yuborliganini ma’lum qilib, poliklinika manzili va unga yaqin metro bekatlari tushuntirib berildi.

Shundan so‘ng Aziza aytilgan poliklinika bilan bog‘lanib, qabul haqida ma’lumot oldi. Poliklinika ma’muriyati “ДМС” bo‘yicha qabulga yozilmasdan 514 kabinetga (pulli xizmatlar bo‘limi) murojaat qilishi mumkinli to‘g‘risida tushuntirish berdi. Aziza poliklinika ma’muriyatining tavsiyasi bo‘yicha ish kunlari 9 dan 19 gacha borishni rejalashtirdi.

“Muhojir ayollar imkon boricha bir yilda bir marta bo‘lsa ham vatanlariga qaytib, to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari to‘g‘ri, deb o‘ylayman. Xorijda ishlash oson emas. Bu yerda bir kun ishdan qolsangiz, “minus”ga kirib ketasiz. O‘zimizning shifokorlarga tildan qiynalmay, qayeringiz og‘riyotgani haqida bemalol ma’lumot bera olasiz. Arzonroq yoki yaxshiroq joylarga bemalol boraverasiz. Bu yerda esa boriga ko‘nikish kerak, moslashish kerak, bu esa noqulay.
Men o‘zim ham bu yil borganimda, to‘liq tekshiruvlardan o‘tib, hatto tishlarimni ham hamyonbop narxlarda davolatib keldim”, deydi qashqadaryolik Aziza.

Tahririyat muhojir ayollarga polisdan foydalanib, tibbiy yordam olish bo‘yicha instruksiya tayyorladi.

Demak, polis bo‘yicha shifokorga borish uchun quyidagicha yo‘l tutishingiz kerak:
1. Sug‘urta kompaniyasiga telefon qilasiz. Telefon raqamlar polisda yoki kompaniya saytida ko‘rsatilgan bo‘ladi.
2. Kompaniya bilan telefonlashgach, qaysi shaharda ekaningizni aytib, tibbiy pult bilan bog‘lab berishlarini so‘rang.
3. Tibbiy pult xodimiga shikoyatingizni tushuntirib, shifokorga bormoqchi ekaningizni ayting. Ular qayerga va qaysi shifokorga borishingiz mumkinligini tushuntiradi.
4. Xodim aytgan shifoxona nomi va manzilini yozib oling.
5. Aytilgan shifoxonaga qo‘ng‘iroq qilib, siz xohlagan shifokor qaysi kunlar va soat nechchidan nechchigacha ishlashini aniqlang.
6. Belgilangan vaqtdan bir oz oldin shifoxonaga borib, “ДМС” administratorga polisi bo‘yicha kelganingizni ayting va hujjatlaringizni ko‘rsating. Shifoxona xodimi siz uchun sug‘urta kompaniyasidan yuborilgan xatni chop etib, shifokor qabuliga kuzatib qo‘yadi.
7. Agar shikokor qo‘shimcha ko‘rik va muolajalar tayinlasa, ularni avval sug‘urta kompaniyasi bilan maslahatlashing. Xuddi 1-3-bandda ko‘rsatilganidek bog‘lanib, tushuntirishingiz mumkin. Sug‘urta kompaniyasi polis doirasida qo‘shimcha tayinlangan muolajalar sug‘urta dasturiga kirsa ularni bepul olishingiz uchun kompaniya nomidan kafolat xati berishi mumkin. Kafolat xati bilan qo‘shimcha tayinlangan muolajalarni ham bepul o‘tasiz.

Haqiqatan ham, har bir inson, ayniqsa muhojirlikdagi ayollar, kamida yiliga bir marta to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tishi zarur. Bu nafaqat kasalliklarni barvaqt aniqlashga yordam beradi, balki hayot sifatini ham yaxshilaydi. Zero, sog‘liqqa e’tibor berish shaxsiy mas’uliyat emas, balki oila va kelajak uchun ham javobgarlikdir.

Savol va fikrlaringizni, polisni ishlatish bo‘yicha tajribangizni Migrant.uzning ijtimoiy sahifalarida bo‘lishing.

Ijara firibgarligi: 5 qiz bir kechada ko‘chada qoldi

Navigatsiya