Moskva markazida shoshilinch tibbiy yordam xodimlariga hujum qilgan migrant qo‘lga olindi. Hodisa Taganskiy rayonidagi Shkolnaya ko‘chasida sodir bo‘lgan. 24 yoshli yigit o‘zini yomon his qilayotganini aytib, shifokorlarni chaqirgan. Ammo, shifokorlar kelib, uni ko‘rikdan o‘tkazmoqchi bo‘lganlarida, yigit ularni haqorat qilib, urgan, deb yozadi “Осторожно, новости” telegram kanali.
Tibbiyot xodimlari darhol voqea joyiga politsiya chaqirgan. Politsiya talaba migrantni politsiya bo‘limiga olib ketmoqchi bo‘lganda yigit qarshilik ko‘rsatishga uringani aytilmoqda. Qarshilik ko‘rsatishiga qaramay, talabani qo‘lga olib, voqeani batafsil o‘rganish uchun politsiya bo‘limiga olib ketishgan.
Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, shoshilinch xizmatlarni yolg’ondan chaqirish uchun ma’muriy javobgarlik ko‘zda tutilganini eslatib o‘tamiz. Shoshilinch xizmat xodimlariga nisbatan kuch ishlatish esa jinoiy ish qo‘zg‘atish uchun asos bo‘ladi. Shu sababli, bunday harakatlar nafaqat axloqiy jihatdan noto‘g‘ri ekanini, balki qonuniy javobgarlikka sabab bo‘lishini unutmaslik lozim.