Maqola

265 26/03/2025

Sankt-Peterburgning Primorskiy tumanida xavotirli voqea ro’y berdi. Ikki bezori o‘smir farrosh muhojirning ko‘ziga gaz sepgan. Voqeani o‘sha hovlida yashaydigan fuqarolardan biri videoga olgan.

Hodisa «Чистое небо» turar-joy kompleksida yuz bergani aytilmoqda. “Fontanka” nashrining yozishicha, maktab o’quvchilari 32 yoshli kommunal xizmat xodimi bo‘lgan muhojirga yaqinlashgan. Noma’lum mavzudagi suhbatdan keyin o‘smirlar muhojirning ko’zlariga gaz sepishgan. Muhojir ko‘zlarini ushlab turgan paytda, o‘smirlardan biri yana gazni muhojirning yuzi va ko’zlariga sepgan. Ikkinchi o‘smir esa buni telefonda videoga yozib olgan.
Mahalliy fuqarolardan biri buni ko’rib, bezori o‘smirlarga baqirgan. Shundan keyin bezorilar voqea joyidan qochib ketgan.

Ma’lum bo‘lishicha “dvornik” muhojir ko‘zlari qattiq achishgani uchun 112 raqamiga qo’ng’iroq qilib tez yordam so’ragan. Hozirda uning holati qanday ekani ma’lum emas.

Muhojirlar bezorilardan o‘zlarini qanday himoya qilishi kerak?

Afsuski, bunday voqealar muhojirlar bilan har qanday shaharda sodir bo’lishi mumkin. Agar bezori bolalarning tahdidlariga yoki hujumlariga uchrasangiz, quyidagi maslahatlarga amal qiling:
1. Jahlingiz chiqqanini ko‘rsatmang. Jim va tinch turib, bezorilarning provkatsiyalariga e’tibor bermang. Vazmin bo‘ling, janjallashmang. Chunki janjal vaziyatni yanada yomonlashishi mumkin.
2. Yordam so’rang. Agar salomatligingizga xavf sezsangiz, atrofdagilardan yordam so’rashdan uyalmang. Atrofdagi yoshi katta odamlar yoki politsiyaga murojaat qilishdan tortinmang.
3. Asosiy belgilarni eslab qoling.
Agar sizga tahdid qilishayotgan bo‘lsa, bezorilarning tashqi ko’rinishi, kiyimlari, joy manzili va soat nechaligi kabi ma’lumotlarni eslab qolishga harakat qiling. Bu ma’lumotlar politsiyaga voqeani tezda aniqlashda yordam beradi.
4. Tezkor xizmatlarga qo’ng’iroq qiling. Agar hujum yoki tahdidga uchrasangiz, kechiktirmay politsiyaga (102) yoki tez yordamga (112) qo’ng’iroq qiling.
5. Jismoniy qarshilik ko’rsatmang. Agar o‘smirlar hujum qilsa, masofani saqlashga harakat qiling va jismoniy ziddiyatdan qoching. Qonun oldida ular voyaga yetmagan sanaladi.
6. Xavfsiz joylarda ko’proq vaqt o’tkazing. Yolg’iz yoki qorong’i joylarda yurishdan saqlaning. Agar bunday joylardan o’tish kerak bo’lsa, do’stlaringiz yoki yaqinlaringiz bilan borsangiz yaxshiroq. Agar buning iloji bo‘lmasa, imkon qadar boshqa odamlarga qo‘shilib yoki telefonda kim bilandir muloqot qilayotib o‘tsangiz yaxshi.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya