Maqola

465 02/05/2025

Rossiyada mehnat muhojirlaridan OIVga chalinmaganligini tasdiqlashni talab qilish ko‘rib chiqilmoqda. Tegishli taklif Davlat Dumasining Mehnat, ijtimoiy siyosat va faxriylar ishlari bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Yaroslav Nilov tomonidan ilgari surildi. Uning fikricha, ushbu chora Rossiya Federatsiyasiga pul ishlash uchun kelgan xorijliklarga tegishli bo‘ladi.

Deputat hozirda mehnat muhojirlariga davlat chegarasini kesib o‘tgandan keyin tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun 1 oydan 3 oygacha muddat berilganini eslatdi, deb yozadi “TASS”.

Ammo xavfli kasalligi bor shaxslarning mamlakatga kirmasligi uchun, albatta, oldindan ehtiyot choralarini ko’rish lozim.

Parlament a’zosining fikricha, Rossiya Federatsiyasiga kirayotgan chet elliklarda:
– tibbiy sug’urta;
– OIV, gepatit B va C yo’qligini tasdiqlovchi hujjat;
– sifilis va sil kasalligining yo’qligi to’g’risidagi guvohnomasi bo’lishi kerak.

Bundan tashqari, testlarni mamlakatga kirishdan kamida 10 kun oldin topshirish shart, degan u.

Tashabbus ma’qullansa, migrantlar ham kelishidan kamida 72 soat oldin o‘tkazilgan narkotik tekshiruvi natijalarini ham taqdim etishlari kerak bo‘ladi, deyiladi qonun loyihasida.

Bu chora sog’liqni saqlash tizimiga yukni kamaytirish uchun kiritilishi kerak, deb hisoblaydi Nilov.
Yangilik xavfli kasalliklarga chalinganlar sonini kamaytirishga ham yordam beradi, deya xulosa qilgan deputat.

 

«Amina» dasturi, registratsiya, reyestr, patent, «zapret» va «vidvoreniye» haqida suhbat

Navigatsiya