598 12/11/2024

Muhojirlik murakkab taqdir. Vatandan, ota-onasi, bola-chaqasidan uzoqda ishlash, yashash, degani. Ularning boshida mingta tashvish, mingta g‘ami bor. “Birim ikki bo‘lsin”, deb turli yoshda vatanni tashlab, xorijga ishga ketganlarning ko‘zi kulsa-da, qalbi kulmaydi. Jismoniy og‘irqlarni-ku, davolasa bo‘ladi, ammo qalb og‘rig‘ini tuzatish qiyin.

Muhojirlar qalbini og‘ritadigan mavzu – bu ularning “sog‘in sigir”dek ko‘rilishi. Do‘stu tanishlarning xorijda “pulni yerdan supurib oladi”, deb o‘ylashlari haqida bilamiz. Ayniqsa, siz Koreya, Yevropa yoki Amerikada ishlasangiz, “pul ishlab chiqaradigan mashina” deb o‘ylashadi.
Ayni paytda Yaponiyada yashaydigan o‘zbekistonlik olim Bahodir Iskandarov shu mavzu haqida post qoldirdi. Unda Yaponiyadagi o‘zbek qizining iztirobi bayon qilingan.

“Bugun bir qiz “Aka, kvarplataga pulim yetmay qoldi. Yordam qilib tura olmaysizmi?”, deb yozib qoldi. U qiz Yaponiyaga kelganida 20 yosh edi. Hozir 30 ga yaqinlashib qoldi. O‘qidi, ishlayapti. Kvartirasiga puli yo‘q. Nimaga? Nafsi o‘pqon, “xarobadan chiqqan millioner” onasi sababli. O‘sha ayolni yeyishga noni ham yo‘q edi. Shu qiz bechora ham o‘qib ham ishlab, uylarini remont qildirdi. Oilasidagilarga mashina olib berdi. O‘zidan oldin singillari erga tegib ketdi. O‘zi haliyam turmushga chiqmagan. Singillariga eng zo‘r sarpolarni majburlab qildiribdi. Eng yomoni, hozirgi oddiy mashina uydagilariga yoqmay qolibdi. “Malibu” olarmish. Mana shu yergacha chidadi bechora qiz. O‘kirib yig‘lab yubordi. «Men-chi? Men qachon turmush quraman? Nimaga ularni yallo qilib yurishiga men xor bo‘lishim kerak»”, dedi. Rosa yuragim ezildi…”

Birinchi abzasning o‘zidan umumiy kartina va qizning iztirobini tushunish mumkin. Bunday holat boshqa barcha muhojirlarga tanish va boshidan o‘tkazadi.

Muallif maqolasida “Keladigan yoshlarimizning deyarli hammasining bo‘ynida yuk. Yemasa-emaydi, lekin u yoqdagilarni o‘ylaydi. “Endi, Toshkentdan uy olishimiz kerak, qizim”, deb qolishadi. Toshkentdan uymas, u to‘yib ovqatlanishi kerak, o‘qishi kerak, ey baraka topgurlar! Namuncha bosim qilasizlar?

O‘zbekning bolasi siz bosim qilmasangiz ham aka-ukasi, ota-onasini o‘ylaydi. Faqat vaqt bering, oyoqqa turib olsin, o‘zini eplab olsin, keyin o‘zi yordam beradi hammasiga.

Bizning millatdan boshqa millatda ko‘rmadim shunaqa nafsi hakalak otganlarni. Nepal, Hindiston, Vetnamdagilar bizdan qashshoq yashashadi. Ammo, farzandlarini “Yaxshi o‘qi” deb jo‘natishadi. Kelajakda katta-katta natijalarga erishishayapti. Biznikilar bo‘lsa, bechoralar shunchaki o‘zini qurbon qilishadi. Boshqa farzandlaringiz uchun, to‘y-hashamingiz uchun, mahallada tilingiz bir qarich bo‘lishi uchun uni shunchaki qurbon qilib qo‘yaverasizmi?”, deb alamli savol qo‘yadi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Nega muhojirlarni tanishlari va yaqinlari “pul topish mashinasi” kabi ko‘radi? Buning bir necha sabablari bor:

1. Iqtisodiy sharoitlar: Muhojirlikka chiqqan odamlar ko‘pincha moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan oilalardan bo‘ladi. Ularning yaqinlari muhojirlik orqali ko‘proq daromad topishga umid qilishadi, shuning uchun muhojirni moliyaviy qo‘llab-quvvatlovchi asosiy manba sifatida ko‘rishadi.

2. Tarixiy stereotiplar: Ko‘p joylarda muhojirlikka yengil pul topish yo‘li sifatida qarashadi. Bu yerda muhojir inson o‘z hayotida katta qiyinchiliklarga duch kelganini o‘ylash o‘rniga, uning faqat pul topuvchi sifatida ko‘rsatish tendensiyasi yuzaga keladi.

3. Psixologik jihatlar: Ayrim hollarda oila a’zolari muhojir insonning qiyinchiliklarini tushunmay, uning hayotini faqat moliyaviy jihatdan baholashadi. Ular muhojirning o‘zga mamlakatda qanday majburiyat va mashaqqatlarga duch kelishini sezishmaydi, shuning uchun uning faqat pul yuborishi haqida o‘ylashadi. Bu omillar jamiyatda muhojirlarni faqat pul topuvchi manba sifatida qabul qilishga sabab bo‘ladi.
Yuqoridagi sabablardan kelib chiqib, bu stereotiplarni sindirish kerak bo‘ladi. Bunda barchaning ishtiroki muhim. Ya’ni muhojirlarning o‘zi, blogerlar va biz kabi jurnalistlar muhojirlarga faqat pul topish manbai sifatida qarash tendensiyasini o‘zgartirishi kerak.

Avvalo, haqiqat va sog‘lom tushunchalarni tarqatish. Ya’ni migrantlarning o‘zlari ham muhojirlikdagi hayotning murakkab tomonlarini va ular duch keladigan muammolarni ochiq-oydin muhokama qilishi kerak.

Musofirchilikning qiyinchilik va muammolarini berkitmay, boricha, yaqinlariga va do‘stlariga tushuntirish orqali vaziyatni yaxshiroq anglashga yordam berish muhim. Chunki muhojirlar hatto shaxsiy profillariga qo‘yadigan rasmlar ham, e’tibor berib qaralsa, faqat hashamat, madaniy xordiq paytlarida tushirilgan suratlardan iborat. Bu tabiiyki, uni taniydigan odamlar xayolida hashamatli hayot taassurotini beradi.

Shuningdek, yaqinlar bilan shaxsiy maqsadlar, orzular va rejalar haqida suhbatlashish kerak. Bu yaqinlarga ularning hayotida faqat moliyaviy jihat emas, balki shaxsiy rivojlanish va ta’lim masalalari ham muhim ekanligini ko‘rsatadi.

Qolaversa, migratsiya bilan bog‘liq bloglar yoki biz kabi jurnalistlar ham ularni bilimli, mehnatkash, yangi tajribalarga ega shaxs sifatida ko‘rsatishimiz kerak bo‘ladi. Ular mehnat qilib topgan mablag‘dan tashqari ham ijtimoiy, madaniy va shaxsiy yutuqlarga ega ekanligini ko‘rsatuvchi maqolalar yoki lavhalar orqali keng ommaga tanishtirish muhim.

Yutuqlar va ko‘nikmalarga e’tibor berish: Ya’ni muhojirlar faqat ishlayotgan sohada emas, balki madaniy, til o‘rganish, jamoat ishlarida faol ishtirok etish orqali ham boyishadi. Ular o‘zlari bilan yangi bilim va ko‘nikmalarni uylariga olib kelishlari mumkin, va buni yaqinlariga yetkazish orqali ularning qadrini oshirishlari mumkin.

Jamiyatdagi roliga e’tibor qaratish: Bu muhojirlarning mahalliy jamiyatda, aytaylik yashaydigan qishlog‘i, mahallasida o‘zini qanday tutishi va ijtimoiy hayotdagi ishtiroki ham muhim. Ular o‘zlari yashaydigan joydagi ishlarda faol ishtirok etsa, buni o‘z vatandoshlari bilan bo‘lishish orqali ularning nafaqat pul, balki ijtimoiy o‘ringa ega ekanligini ko‘rsatishi mumkin.

Aytilgan shu va shu kabi o‘ziga xos jihatlarga e’tibor qaratilsa, umid qilamizki, chetda mehnat qilayotgan yoki o‘qib-ishlayotgan insonlarga nisbatan sog‘lom munosabat shakllanadi.

Bugun siz bilan muhojirlarni qiynovchi, ammo ko‘p ham yoritilmaydigan nozik mavzuni muhokama qildik. Bu boradagi fikr-mulohazalaringiz, takliflaringizni izohlarda, albatta, qoldiring! Biz barcha fikrlaringizni o‘qib chiqamiz.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya