Chet el fuqarolariga bepul genom ro’yxatiga turish taklif etiladi. Olingan ma’lumotlar Rossiya federatsiyasi qonunlarini buzgan muhojirlarning mamlakatga kirishiga yo’l qo’ymaslik uchun kelayotgan xorijliklarning shaxsini aniqlashda ishlatiladi. 7-noyabrdan boshlab Rossiyaga kirish qoidalariga kiritilayotgan shu va boshqa o’zgarishlar to’g’risida Migrant.uz materialida tanishishingiz mumkin.
Genom hisobi
Rossiya federatsiyasi hukumatiga chet el fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan shaxslarning kirish, chiqish va qolish qoidalarini tartibga solish sohasida tajribalar o’tkazish vakolati berildi. Endi, masalan, migrantlar ixtiyoriy va bepul ravishda davlat genom ro’yxatidan o’tishlari mumkin. Shuningdek, 7-noyabrdan boshlab migrantlar to’g’risidagi ma’lumotlar kirill alifbosida davlat organlarining axborot resurslariga kiritiladi. Lotin yozuvidagi hujjatlaridagi familiyalar va ismlar «rus tiliga o‘giriladi».
Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodinning so’zlariga ko’ra, migratsiya sohasidagi yangiliklar chet elliklarni davlat tizimlarida ro’yxatdan o’tkazishda xatolardan qochishga, ilgari Rossiya federatsiyasi qonunlarini buzgan odamlarni aniqlashga va mamlakatga kiritmaslikka yordam beradi.
Yangi qoidalar nima uchun kerak?
Rossiya hukumatiga chet el fuqarolarining Rossiyaga kirishini nazorat qilish uchun yanada ko’proq vakolat berish to’g’risidagi qaror uzoq vaqtdan beri muhokama qilinayotgan edi. Biz ko’p yillar davomida migratsiyani idoralararo nazorat qilish, muhojirlarning barcha jarayonlarda – bandligi, yashash joylarini to’liq nazorat qiladigan alohida vazirlikni tashkil etish zarurligi haqida gapirinb kelayotgan edik «, deydi Rossiya parlamentining xalqaro ishlar qo’mitasi raisi Leonid Slutskiy.
Noqonuniy migratsiyaga qarshi harakatlar Rossiyada tartibni tiklash choralari hisoblanadi xolos, deya aniqlik kiritgan Federatsiya Kengashi spikeri Valentina Matviyenko.
«Biz kimgadir qarshi kurashmayapmiz, biz o’z mamlakatimizda uzoq vaqtdan beri kerak bo’lgan tartibni tiklayapmiz. Ayniqsa, noqonuniy migratsiya borasida», deydi Matviyenko.
Uning so’zlariga ko’ra, Rossiya hukumati noqonuniy migratsiya muammosini hal qilishda suveren davlatning harakat tamoyillariga mos keladigan e’tiborli va nozik yondashuvni ishlab chiqqan.
Kelajakda qonunlar yana qanday o‘zgarishi mumkin?
Rossiya prezidenti qoshidagi inson huquqlari kengashi rahbari Valeriy Fadeyev mehnat muhojirlarini «maqsadli va asosli» olib kirishga chaqirdi. Rossiya Federatsiyasida migratsiya siyosati to’g’risidagi hisobot davomida u rus tilini yaxshi bilmaydigan migrantlarning bolalarini maktablarga olmaslik va migrantlarga tibbiy yordam ko’rsatish uchun Rossiya federatsiyasi byudjetining xarajatlarini minimallashtirishni taklif qildi. Xususan, ish beruvchilarni har bir muhojir uchun ish muddati davomida ixtiyoriy tibbiy sug’urta shartnomalarini tuzishga majbur qilish kerakligini aytgan.
«Ish beruvchilar migrantlarga muhtoj ekanliklarini, Rossiya mehnat bozorida xodimlarni topa olmayotganliklarini isbotlashi kerak», deydi u.
Shunga o’xshash yondashuv Rossiya parlamenti – Davlat Dumasida ham aytildi. Maqsadli va tartibli migratsiya taklifini bir nechta deputatlar, shu jumladan Irina Yarovaya bildirdi va uni Vyacheslav Volodin qo’llab-quvvatladi. Migrant.uz bu haqida avvalroq yozgan edi.