Maqola

204 21/10/2025

Moskvada politsiya xodimlari maxsus tezkor harakat (SOBR) xodimlari va politsiya itlari bilan birgalikda Severnoye Medvedkovo tumanida joylashgan kafeda tungi reyd o‘tkazdi. Ichki ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, tekshiruvdan ko‘zlangan maqsad migratsiya qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘lgan.

Biroq e’lon qilingan kadrlarda barcha mijozlar, jumladan, Rossiyada qonuniy istiqomat qiluvchilar ham yerga yuztuban yotishga majbur qilinayotgani, tintuv o‘tkazilayotgani va hujjatlari tekshirilayotgani aks etgan. Kafedagi 47 kishidan faqat to‘qqiz nafarining hujjatlarida chalkashlik bo‘lgan. Qolganlari Rossiyada qonuniy yashab, ishlayotgan muhojirlar edi.

Shunga qaramay, politsiya xavfli jinoyatchilarga qarshi kurashayotgandek kuch ishlatgan. Ovqatlanish uchun kelgan odamlar qurol bilan yerga yotishga majburlangan va binolar iskovuch itlar yordamida tintuv qilingan.

Tekshiruv davomida kafeda spirtli ichimliklarni noqonuniy sotish holatlari ham aniqlanib, muassasa faoliyati to‘xtatildi. Ichki ishlar vazirligi surishtiruv ishlari davom etayotganini ma’lum qildi.

Ekspertlarning qayd etishicha, barcha muhojirlar shubha ostiga olinadigan bunday reydlar o‘z ishini vijdonan bajarayotgan va barcha kerakli hujjatlarga ega bo‘lgan xorijlik ishchilarda qo‘rquv va xo‘rlash muhitini yaratadi.

Huquq-tartibot idoralari tekshirishlarni shov-shuvli tomoshaga aylantirmasdan, qonunga rioya qilganlarga nisbatan hurmat bilan harakat qilishi lozim.

 

Pul yuborish uchun yangi servis

Navigatsiya