Maqola

163 10/04/2026

2022-yil fevral oyidan boshlab Ukraina Qurolli kuchlari asirligiga turli mamlakatlar va qit’alardan yollanma askarlar: yevropaliklar, shimoliy koreyaliklar va hatto afrikaliklar ham tushishgan. Ammo xorijlik yollanma askarlarning aksariyati markaziy osiyoliklardir…

Shaman TV media kanali jurnalisti Adil Turdikulov Ukrainada asir tushgan markaziy osiyoliklardan yana biri bilan suhbatni e’lon qildi. Tojikistonlik Umidjon Qahhorov urushga borish tarixi, u yerdagi sharoitlar haqida afsus bilan so‘zlab berdi.

Jurnalist: Ism-sharifingiz, qayerda va qachon tug’ilgansiz? 

Asir: Ismim Umijon Qobiljonovich, 1979-yil 20-martda Tojikistonning Dushanbe shahrida tug’ilganman. Hozir 46 yoshdaman. Men Tojikistonda yashaydigan o’zbeklardanman. Tojikistonda dehqonchilik bilan shug’ullanardim, keyin Rossiyaning Tyumen shahriga keldim. Taxminan 10 yil davomida Tyumenda bitta joyda metall konstruksiyalar qurilishida ishladim.

Jurnalist: Urushga qanday kelib qoldingiz? 

Asir: Oyligim va sharoitim yaxshi edi. Lekin odamlarning gapiga kirib, aldanib qoldim. Menga «Olti oydan keyin Omskga kelasan, senga pasport beramiz», deyishdi. Shunga ishonib, pasport olaman, deb chiqib keldim. Hech kim majburlagani yo’q, o’zim aldanib qoldim. Patent va registratsiya qimmat edi, kimningdir uyiga ro’yxatga turish uchun ham ko’p pul ketardi, shuning uchun bunga qiziqdim.

Jurnalist: Shartnoma (kontrakt) qildingizmi? Pul berishdimi? 

Asir: Ha, bir yilga shartnoma tuzdim. Harbiy biletim bormi deb so’rashgandi, Tojikistonda ekanligini aytdim. Keyin hujjatlarimni to’g’rilab berishdi. Menga salkam 2 million 300 ming rubl pul berishdi. Bu pullarni olib, bolalarimga yubordim. Qanday qilib pul o’tkazishni, kartaga qanday tashlashni o’zlari o’rgatishdi. Oilamga, qizimga hech bo’lmaganda bir parcha yer olib, uy qurib beringlar, deb tayinladim.

Jurnalist:  Urushga qanday tayyorgarlik ko’rdingiz va u yerda nimalar bo’ldi? 

Asir: 80 kun mashg’ulotda (uchebka) bo’ldim. Tyumendan Omskga poyezdda, u yerdan samolyotda 58 kishini yig’ib, noma’lum o’rmonlik hududga olib kelishdi. Keyin u yerdan mashinalarga ortib frontga (shturmga) yuborishdi. Frontda bizni kechasi ikki kishidan qilib jo’natishar edi. Biz umuman ukrainaliklarni ko’rmadik. Boshlig’im orqasidan ketayotganimda, dron kelib hujum qildi. Bitta o’q yoki snaryad tegib yaralandim. O’rnimdan tura olmadim. Keyin cho’pga tayanib, zo’rg’a yurib bordim. Ikkita ukrainalik askar chiqib, qurolimni yerga qo’yishimni aytdi. Men 1 ta avtomat va 8 ta magazinimni ularga jangsiz topshirdim. Hech qanday qarshilik ko’rsatmadim, Xudoning inoyati bilan tirik qoldim.

Jurnalist: Asirlikka tushganingizdan keyin nima bo’ldi? 

Asir: Ukrainalik shifokorlar suyagim singanini aytishdi. Yanvar oyida meni operatsiya qilishdi. U yerda 15 kun yotdim. Keyin meni uch kunga qandaydir shahardagi SIZOga (tergov hibsxonasiga) olib kelishdi. Men u yerda odamlarning o’ligi ustidan o’tdim, urushning asl yuzini ko’rdim. Agar yana urushga borasanmi deyishsa, hech qachon bormasligimni aytaman.

Jurnalist: Boshqalarga nima maslahat berasiz? 

Asir: Hamma eshitsin, ko’zi ochilsin, kelishmasin!. O’zimizda mehnat qilib halol pulini topsin, u yerda qiynalayotgan bo’lsa ham bu urushga kelmasin. Keragi yo’q, bu urush bizniki emas, bekorga qon to’kilyapti. Urushda o’liklarning atrofida itlar va mushuklar aylanib yuribdi. Mushuklar o’liklarning go’shtini yeyayotganini o’z ko’zim bilan ko’rdim. Itlar esa yemaydi, ular sezadi va faqat orqamizdan ergashib yurardi. Kechalari o’liklarni bosib olmaslik uchun chiroq (fonarik) yoqib yurar edik.

Jurnalist:  Kelajagingizni qanday ko’ryapsiz? 

Asir: Peshonamda bor ekan, tirik jonman, oyog’imni kesib tashlashmadi, shunga ham Xudoga shukur. Endi hayotim oxirigacha bu urush yodimdan chiqmaydi. Agar meni vatanga jo’natishsa, roziman. Tojikistonda yollanma askarlik uchun 16 yil qamoq jazosi borligini bilaman. Menga pasport berishsa ham, bermasalar ham men roziman. Turmadan chiqsam ham, qishloqda yer ag’darib, kartoshka va piyoz ekib, ro’zg’or tebratamiz. Ikkita farzandim, nevaralarim bor. Hayotim tinch edi, shaytonning yo’liga kirdim. Rossiyaga kelib, urushga boraman, deb qiziqmanglar, keragi yo’q!

Ijara firibgarligi: 5 qiz bir kechada ko‘chada qoldi

Navigatsiya