112 31/01/2025

Yanvar oyida O‘zbekistonda futbol asosiy mavzulardan biriga aylandi. Bu Abduqodir Husanov atrofidagi voqealar sabab. Aslida bu biz uchun hayot-mamot masalasi emas. Biroq millat sha’ni va sharafiga daxldor bo‘lgani uchun ham trendga aylandi. Balki undan kattaroq voqeilikdir. Chunki bu transfer haqida nafaqat mahalliy, balki qozoq, tojik, qirg‘iz matbuotidan tortib, jahon futbol mediasigacha gapirdi, muhokama qildi. Shu bois debyut intiqlik bilan kutildi. Ammo bunday debyut, ya’ni Gvardiolaga xos tavakkalchilikni hech kim kutmagandi.

Kelganiga besh kungina bo‘lgan, jamoaga moslashishga ham ulgurmagan, hatto inglizcha bilmaydigan Husanovni “Chelsi”ga qarshi o‘yinda asosiy tarkibga kiritdi. APL kameralari ham bir necha marotaba debyutantni asosiy planda ushlab turdi. Bir so‘z bilan aytganda, 20 yoshli o‘zbek buncha bosimni yengishi mushkul kechdi.

Dastlabki 10 daqiqa Husanov uchun yoqimsiz bo‘ldi. Raqibga gol uchun vaziyat sovg‘a qilish, ketidan qo‘pollik uchun sariq karta olish, noaniq uzatmalar – bular futbolchi tugul biz muxlislarni-da sovuq terga botirdi. Biroq undan keyingi “Siti” futbolchilarining qo‘llovi, muxlislarning olqishi va murabbiyning munosabati—bu alohida ta’kidlash mumkin bo‘lgan jihatlar.

Aynan shu haqida ingliz pabliklaridan birida yozilgan post e’tiborimni tortdi:

“Shaharlik” muxlislar birinchi bo‘limda esda qolarli onlarni yaratishdi…

Bu Abduqodir Husanov, “Siti”ning yangi yosh himoyachisi, u bor-yo‘g‘i 20 yoshda. U ilk o‘yinida xatoga yo‘l qo‘yib, «Chelsi»ning birinchi goliga sabab bo‘ldi.

Xatodan keyin taxminan 5 daqiqa davomida u noto‘g‘ri paslar berdi va g‘alati qarorlar qabul qildi. Bu tushunarli holat, chunki u qattiq xayajonlandi.

Shundan keyin, taxminan 10 daqiqa o‘tgach, “Siti” muxlislari Abduqodir orqaga oddiygina pas berib, darvozabon Edersonga to‘p uzatganidan so‘ng, qarsak chalib qo‘llab-quvvatlashdi. Ular taxminan 10 soniya davomida chapaklar bilan olqishlashdi…

Hatto u qandaydir g‘ayrioddiy narsa qilmagan bo‘lsa ham — faqat bitta pas — bu ularning yosh himoyachini qo‘llab-quvvatlash va unga dalda berish usuli edi.
Go‘yo ular shunday demoqchi edilar:

“Shunchaki odatdagidek o‘yna, xavotirga tushma va qo‘rqma. Biz sening orqangdamiz!”

Sport aynan shunday onlar uchun yaratilgan. Aytgancha, Abduqodir juda yaxshi himoyachi, u xoh pas berishda, xoh himoyaviy harakatlarda bo‘lsin…”

Menimcha, bu “Siti” muxlislaridan uyushtirilgan, kitoblarga bitib qo‘yiladigan “mehr va qo‘llov operatsiyasi”…

Jamoadoshlar, professionallar: ilk daqiqalardagi kutilmagan omadsizlik “Siti” uchun bu o‘yindagi ilk og‘ir zarba edi. Parijda “kombek” qurboni bo‘lgan jamoa uchun ortiqcha ruhiy yuklama. Biroq futbolchilar bu vaziyatda o‘zini professional va bag‘rikeng tutdi.

Himoyadagi hamrohi Akanji o‘yindan keyingi intervyuda nimalar bo‘lganini va nimalar deganini so‘zlab berdi:

“Albatta, bu Xusanov uchun yaxshi start bo‘lmadi, lekin menimcha, u rostdan ham yaxshi reaksiya qila oldi.

Bu yerda o‘zingning ilk o‘yiningni “Chelsi”ga qarshi o‘tkazsang, bu oson bo‘lmaydi. Biz uni qo‘llab-quvvatlashga harakat qildik va menimcha, keyinchalik u yaxshi o‘ynadi.

Men uni himoya qilishga va qiyin vaziyatlarga solib qo‘ymaslikka harakat qildim, ayniqsa, “Chelsi” kabi jamoaga qarshi, individual jihatdan ko‘p yaxshi o‘yinchilarga ega bo‘lgan jamoaga qarshi.

Men uni faqat qo‘llab-quvvatlashga harakat qildim va unga ortiqcha o‘ylamasdan, o‘yinni davom ettirishi kerakligini aytdim. Men uning keyingi pasi orqali to‘pni Eddiga (Edersonga) qaytarishini va keyingi kurashda g‘alaba qozonib, o‘zini ishonchga to‘ldirishini xohladim. Menimcha, bu holatda qilinadigan yagona ish shu”, — deya Akanjining so‘zlaridan iqtibos keltirdi The Independent nashri…

O‘yin davomida himoyaga qaytib, xujumni boshlashga yordam bergan Bernardu Silva, qo‘rqmasdan to‘p uzatgan Ederson, uni tinchlantirgan Gyundogan, goldan so‘ng quchoqlagan Yoshko Gvardiol, ilk muvaffaqiyatli “podkat”idan so‘ng qarsak bilan olqishlagan Haalland, sariq olgach, unga taskin bergan raqib safidagi Nikolas Jakson, 1-taymdan so‘ng darhol almashtirib tashlab, futbolchining ruhiyatiga zarba berishni istamagan maestro Pep Gvardiola, turib qarsak bilan olqishlagan muxlislar, zahira o‘rindig‘idagi qo‘llab-quvvatlov va o‘yindan chiqib ketayotgan Husanovning takroriy kadrlarini qo‘pol xatodagi vaziyatdan emas, balki raqib xujumchisini yelka bilan to‘xtatib, muvaffaqiyatli to‘p olib qo‘yganidan takror ko‘rsatgan, to o‘tirguncha kadrni uzmagan APLning professional teletranslyasiya ustalari. Shularni ko‘z oldimdan o‘tkazar ekanman, nima uchun Angliya primyer ligasi jahonning 1-raqamli futbol turniri ekaniga amin bo‘ldim.

Gvardiola aytganidek, yosh Husanovning boshidan o‘tkazganlari uncha-muncha odam uchun og‘ir ruhiy yuk. Biroq u buni yashab o‘ta oldi. Bunga asl muxlislik, insoniylik va professionalizm sabab bo‘ldi. Ingliz pabliklari, ijtimoiy tarmoqlaridagi muxlislar izohlarini o‘qir ekanman, bu borada ular umuman boshqa daraja ekanini angladim.

Bizning Abduqodir “tumanli albion”da ana shunday og‘ir jarayonlarda toblanmoqda…

Muslim Mirzajonov

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya