
Volgogradda har kuni yuzlab muhojirlar Zemlyachka ko‘chasidagi Ichki ishlar vazirligining pasport-viza markazi joylashgan sobiq batut markazi binosi yonida to‘planadi. Bu yerga yuzlab Tojikiston, O‘zbekiston, Ozarbayjon va Armanistondan kelgan migrantlar patent rasmiylashtirish, ishlash uchun ruxsatnoma olish uchun keladi. Biroq, ichkariga kirish qiyin – bir necha kun navbatda turishga to‘g‘ri keladi, ba’zilari navbatni yo‘qotmaslik uchun hatto o‘z mashinalarida tunab qolishadi.
Ko‘p odamlar «registratsiya»sini kechiktirgani uchun jarima to‘laydi va ish beruvchilar ham zarar ko‘radi: chunki hujjatsiz xodim ishlay olmaydi. Markazda elektr toki uzilib qolgan kuni vaziyat yanada og‘irlashdi.
Markaz binosi 2024-yil oxirida ochilgan. Navbatlar shunchalik uzunki, ba’zi odamlar ichkariga kirish uchun bir kun oldin kelishadi.
Migrantlar hujjatlarni rasmiylashtirishdagi qiyinchiliklardan shikoyat qiladilar. Ozarbayjonlik fuqaro ikki yarim oydan beri patent ololmayotganini va 10 ming rubl jarimaga tortilganini aytadi. Uning ta’kidlashicha, avvallari tibbiy komissiya Krasnopolyanskaya ko‘chasida bo‘lgan, ammo hozir hamma narsa bu yerga ko‘chirilgani tartibsizliklarni keltirib chiqargan.
Odamlar yomg‘irda ivib, sovqotib, isinish uchun choy ichishadi. Ko‘pchilik bu yerda uch kundan beri turib, haligacha ichkariga kira olmayotganligini aytadi.
Ishchilari bilan kelgan fermerlardan biri xodimlari uchinchi kundan beri tibbiy ko‘rikdan o‘ta olmayotganini aytadi. Uning ta’kidlashicha, markaz bu yerga may oyida ko‘chib kelganidan beri yomon ishlamoqda. Bayramlardan so‘ng ko‘p odamlar ko‘payib ketgan. Hozir bu yerda har kuni 200-300 kishi, asosan, o‘zbekistonlik va tojikistonlik muhojirlar turibdi.
Shuningdek, internet tarmog‘ida markaz faoliyati yuzasidan ko‘plab shikoyatlar kelib tushmoqda. Odamlar cheksiz navbatlar, hojatxonalar yo‘qligi, xodimlarning qo‘pol muomalasi va hamma narsa, jumladan, tarjima xizmatlari ham pullik ekani haqida yozishadi.
Ichki ishlar vazirligining Pasport-viza xizmati markazi voqealarga izoh bermayapti.