415 21/07/2025

Bir muddat avval Migrant.uz kanalida Sankt-Peterburgda joylashgan Migratsiya markazidagi ahvol bayon etilgan videomurojaatni e’lon qilgan edik. Muhojirning aytishicha, haftalab hujjat olish uchun navbatda turganlar chiqindilarga to‘la tor pana-pastqam joylarda yotishga majbur, xizmat ko‘rsatuvchi darcha va xodimlar juda kam. “Odamlar xushdan ketib qolyapti, it ham turmaydi bu joyda…” deydi u.

Mazkur videomurojaat ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Xabar ortidan O‘zbekiston Respublikasining Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligining Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasining ma’sul xodimlari migratsiya markazida yuzaga kelgan vaziyatni o‘rganganini ma’lum qildi.

“Videopostdagi holatning kelib chiqishi fuqarolarning navbatda turishga rioya qilmasligi sababli sodir bo‘lgan. Shu bois xavfsizlikni ta’minlash maqsadida temir panjaralar o‘rnatilgan. Bundan tashqari fuqarolar tomonidan patent olish bo‘yicha belgilangan hujjatlar to‘liq taqdim etilmagan.

Shuningdek, videomurojaatda ishtirok etgan fuqarolar bilan bevosita suhbat o‘tkazilib, ularga hujjatlarni qonuniy rasmiylashtirish tartib-taomillari va migratsiya markazining ishlash mexanizmi haqida batafsil tushuntirish berildi”, deyiladi bayonotda.

Aytish kerakki, navbatlarning ko‘p ekani migratsiya markazlaridagi muammolar bilan bevosita bog‘liq. Agentlik vakillari aytganidek, uzun navbatlarga migrantlarning o‘zigina sababchi emas. Chunki tahririyatimizga o‘z munosabat va izohlarini yuborgan mehnat muhojirlari markazda sanoqli xodimlar ishlashi, katta navbatlar hosil bo‘layotganini aytishdi. Boshqa bir guruh muhojirlar markazda navbatlar hali ham katta ekani va sharoitlar qoniqarli emasligini bildirishdi.

“Navbat katta, kutish uchun sharoit yo‘q. O‘tirish uchun o‘rindiqlar yo‘q, shuning uchun yerda o‘tiribmiz”, deb yozadi muhojirlardan biri.
“Trudovoy dogovor topshirish uchun kecha 235-bo‘lib “ochered” oldim ertalabdan”, deydi yana bir muhojir.
“Irkutskda ham kuniga 300 odam bor navbatda. Ikki hafta oldin 500 dan ko‘p edi har kuni. Tinchroq deb ko‘pchilik shu yerga kelyapti”, deb yozadi Kamol ismli muhojir.

«Ahvol og‘ir. Biz shanba kuni kechasi bordik, yakshanbada ham qoldim. Ëmg‘irda 5 soat ko‘chada ivib turdik. Har soatda 5 odam chaqiradi. Kutayotganlar soni 100 dan oshiq, kutib-kutib kirolmay, ertasiga yana kelishyapti», deydi migratsiya markazida bo‘lgan Xurshida ismli muhojir ayol.

Markazdagi sharoitlar haqida gapirib “Hamma joy kir, ahlatga to‘la. Ikkita panjara qo‘yilgan. Biri ayollar, ikkinchisi erkaklar uchun to‘siq sifatida qo‘yilgan. Ayollarniki juda tor. O‘zimiz supirib, tozaladik. Yakshanba hamma joy yopiq, hojatxona yo‘q. Ko‘chada hojatxona bor, 4-5 soatda bir borsak, qorovullar baqirib, jerkib beradi. “Chto gulyat prishli? Idite domoy!”, deydi. Imkon qadar suv ichmaslikka harakat qildik. U yerda yoshi katta, sog‘lig‘ida muammosi bor, tez-tez tashqariga chiqadigan ayollar ham bor edi. Buning ustiga yomg‘ir. Havo salqin. Shunaqa azoblar”, deydi muhojir ayol.

Xodimlarning muomalasi haqida ham turlicha fikrlar bor. “Bugun Sankt-Peterburgda, katta «FMS»ning Kubinskiy filialidan patentimni olib keldim. Patent olishga navbat judayam ko‘p. Lekin muammosiz berishyapti. Oldinlari tibbiy ko‘rikdan o‘tish, hujjat topshirishda navbat ko‘p bo‘lsa, hozir bular ancha yengillashib qolgan. Xullas, o‘tgan yilgidan ancha yaxshilashdi «ФМС»dagi ahvol. Lekin haliyam bergan sanasiga patent tayyor bo‘lmayapti. 4-5 kun o‘tkazib borish kerak», deydi Akbar Akmanov isli muhojir.

Biz bilan suhbatda bo‘lgan muhojir ayol esa xodimlarning muomalasini qoniqarsiz, deb aytdi.

“Muomalalari “вообще зверский”. Umuman yaxshi muomala qilishmaydi. Jarima to‘lashga qog‘oz olib, bankomat oldiga borsangiz, bir qiz turadi. Hech nima demasingizdan, o‘zingiz to‘lamoqchi bo‘lsangiz, jerkib beradi. Rus tilini bilsa-bilmasa, qaramayapti, siltalab tashlaydi. Bir ayol ikki marta to‘lov qilib yubordi. Bankomatlari yaxshi ishlamaydi. 5 mingdan 2 marta yechib oldi. Keyin u ayolning qayergadir pulini olishga jo‘natib yubordi. Xullas, migrantlarga azob. Men “amnistiya” orqali hujjatlarni rasmiylashtirishni boshlaganimdan pushaymon bo‘ldim. Agar bunaqa qiyin ekanini bilganimda, hujjat qilishni boshlamas edim”, deydi u.

Biz bilan suhbatda bo‘lgan ayol migratsiya markazidagi yana bir muammo haqida gapirdi. Uning aytishicha, ayollarning kechasi markaz atrofida tunab qolishga ruxsat berilmayapti. Sababi, ayollardan bir nechta kechasi navbat talashib, janjal ko‘tarishgan.

“Bir yosh kelinchak bir haftadan beri qatnayapti. Kecha “podacha” qildi. Ayollarni kirgizmayapti ekan. Tunab qolishga ruxsat bermayapti ekan. Sababi qaysidir kuni ayollar navbat talashib urishgan, soch yulishgan. Tez yordam kelgan. Ayollar sarson bo‘lyapti. Shunday qiyinchiliklarni ko‘p, yordam berishsa yaxshi bo‘lardi”, deydi u..

Shu o‘rinda markazda hujjat uchun qancha pul sarflayotgani ham odamlar uchun qiziq. Mansur ismli muhojir markazdagi ahvol va qancha pul sarflaganini aytdi.

«Sankt-Peterburg Polyustrovskiy 59-prospektidagi Migratsiya markazda patent kilyapman, «posrednik»siz. Xodimlar xushmomila, albatta ruschani yaxshi bilgan odamga. 1 iyulda medkomissiyadan o‘tdim. Besh kunda javob chiqdi, «podacha» qildim. 20 kunda patentni olaman. 29500 rubl ketdi.”, deydi u.

“10 ming rubl tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun, 3800 rubl imtihon uchun, 6000 rubl patent to‘lovi. “Posrednik”ka ham to‘lov qilish mumkin. Umumiy 50-60 ming rubl harajat bor”, deydi Xurshida ismli muhojir.

Aziz saytimiz kuzatuvchilari! Siz migratsiya markazlaridagi sharoitlar xususida qanday fikrdasiz? Mulohazalaringizni video ostida qoldiring. Siz guvohi bo‘lgan muhim hodisalar aks etgan video, foto va audiolaringiz bo‘lsa, @migrantxabar akkauntiga yo‘llashni unutmang!

Ijara firibgarligi: 5 qiz bir kechada ko‘chada qoldi

Navigatsiya