Maqola

829 09/03/2025

2025-yil 5-fevraldan boshlab Rossiya Federatsiyasi hududida noqonuniy ravishda bo’lgan chet el fuqarolariga nisbatan alohida huquqlar va erkinliklarni cheklovchi, shuningdek migratsiya sohasida federal davlat nazoratining boshqa choralarini o’rnatadigan “chiqarib yuborish rejimi” (режим высылки) qo’llanilmoqda.

Chiqarib yuborish rejimi qo’llaniladigan migrantlar Rossiya Federatsiyasidan ketguncha (deportatsiya qilinguncha yoki mustaqil ravishda chiqib ketguncha) yoki mamlakatimiz hududida huquqiy holati tartibga solinguncha nazorat ostidagi shaxslar reyestriga kiritiladi.

Muhojirlar haqidagi ma’lumotlar quyidagi hollarda nazorat ostidagi shaxslar reyestriga kiritiladi:
– vaqtinchalik bo’lish, vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma – “РВП” (shu jumladan ta’lim olish uchun), doimiy yashash uchun ruxsatnoma – “ВНЖ”, patent, ishlash uchun ruxsatnoma, mehnat shartnomasi muddatining tugashi, vaqtinchalik bo’lish muddatining qisqartirilishi;
– chet el fuqarosini readmissiya bo’yicha Rossiyaga topshirish, uning Rossiyada bo’lishi uchun qonuniy asoslar bo’lmaganda;
– viza (shu jumladan elektron), vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma – «РВП» (shu jumladan ta’lim olish uchun), doimiy yashash uchun ruxsatnoma – «ВНЖ»ning bekor qilinishi;
– qochqin deb tan olish to’g’risidagi arizani ko’rib chiqishni rad etish, qochqin deb tan olishni rad etish, vaqtinchalik boshpana berishni rad etish, vaqtinchalik boshpana yoki qochqin maqomidan mahrum qilish, vaqtinchalik boshpana yoki qochqin maqomini yo’qotish to’g’risida qaror qabul qilish;
– yo’lovchilarni tashish uchun ruxsatnomalarga ega bo’lgan kruiz kemasi yoki parom borida yo’lovchi sifatida bo’lgan chet el fuqarosining 72 soatlik bo’lish muddatining tugashi;
– Rossiya hududida bo’lish uchun qonuniy asoslar bo’lmaganda Rossiya fuqaroligini tugatish to’g’risida qaror сhiqarilganida;
– ma’muriy chiqarib yuborish shaklida ma’muriy jazo tayinlash – «выдворение»;
– deportatsiya, readmissiya, bo’lish (yashash)ning maqbul emasligi, kirishga ruxsat bermaslik, chiqishni cheklash to’g’risida qaror;
– Rossiya Federatsiyasi davlat chegarasini noqonuniy kesib o’tish;
– chet el fuqarosini jinoyat sodir etishda aybdor deb topish to’g’risidagi sud ayblov hukmining kuchga kirishi.

Nazorat ostidagi shaxslar reyestriga kiritilgan migrantlarga quyidagilar taqiqlanadi:
– ichki ishlar organi ruxsatisiz yashash (bo’lish) joyini o’zgartirish;
– nazorat qilinadigan shaxs yashaydigan (bo’ladigan) Rossiya Federatsiyasi subyekti hududidan tashqariga chiqish;
– ko’chmas mulk, transport vositalari sotib olish va ro’yxatdan o’tkazish;
– nikohdan o’tish;
– yuridik shaxs ta’sis etish, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro’yxatdan o’tish;
– bank hisob raqamini ochish va bank operatsiyalarini amalga oshirish (majburiy to’lovlarni to’lash maqsadida pul mablag’larini o’tkazish, shuningdek nazorat qilinadigan shaxsning hisobiga pul mablag’larini o’tkazish va nazorat qilinadigan shaxsga oyiga 30 ming rubldan ko’p bo’lmagan miqdorda naqd pul mablag’larini berish bundan mustasno).

Shuningdek, reyestrga tushganlarning Rossiya Federatsiyasida bo’lgan voyaga yetmagan bolalari maktablar va bolalar bog’chalariga qabul qilish imkonsiz bo’ladi.

Reyestrga tushganlarga transport vositalarini boshqarish huquqi cheklanadi, transport vositalarini boshqarish huquqini olish uchun imtihonlarga qo’yilmaydi, Rossiya milliy yoki xalqaro haydovchilik guvohnomasini berish, almashtirish yoki almashtirishda rad etiladi.

Nazorat ostidagi shaxslar reyestriga kiritilgan migrant, belgilangan muddatda ichki ishlar organining mansabdor shaxsi oldiga kelishi shart. Nazorat qilinadigan shaxs tomonidan cheklovlar va taqiqlarning bir necha marta (ikki va undan ortiq marta) bajarilmasligi hollarida, unga nisbatan deportatsiya to’g’risida qaror qabul qilinadi va u majburiy deportatsiya markaziga – “спецприёмник”ga joylashtirilib qo’yiladi.
Nazorat ostidagi shaxslar reyestriga kiritilganmi yoki yo‘qligi to’g’risidagi ma’lumotni Rossiya IIV rasmiy saytidagi va “Госуслуги” saytidagi interaktiv formatda tekshirish mumkin.

Bu ma’lumot bilan har qanday manfaatdor jismoniy va yuridik shaxslar maxsus shaklga familiya, ism, otasining ismi (mavjud bo’lsa), tug’ilgan sana, pasport seriyasi, raqami va berilgan sanasini kiritish orqali tanishishlari mumkin. Javob sifatida shaxsning reyestrdagi holati yoki u haqida ma’lumotlarning yo’qligi to’g’risida xabar chiqariladi. Saytdagi ma’lumotlar har 4 soatda yangilanadi.

Muhojirning ma’lumotlari nazorat ostidagi shaxslar reyestriga kiritilgan kundan boshlab unga nisbatan chiqarib yuborish rejimi qo’llaniladi.

Chet el fuqarosi ma’lumotlari reyestrga kiritilgan yoki bunday reyestrdan chiqarilgani kundan boshlab bu haqida xabardor qilingan hisoblanadi, ya’ni alohida rasmiy xat kelmaydi. Shuning uchun reyetrni mustaqil ravishda tekshirib turish kerak.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya