
Qo‘shni davlatlardan kelgan “dvornik”lar va qurilishdagi ishchilarining tanish qiyofasi asta-sekin o‘tmishga aylanib bormoqda. Yillar davomida migrantlarni jalb qilish orqali ishchi kuchi yetishmovchiligini hal qilib kelgan Rossiya jiddiy qiyinchiliklarga duch kelmoqda: xorijiy ishchilar oqimi tarixiy eng past darajaga tushdi. O‘tgan yilning dastlabki to‘qqiz oyida mamlakatga atigi 88 900 kishi kirdi, bu oldingi o‘n yilliklarga nisbatan juda kam ko‘rsatkich.
Mutaxassislar migratsiyaning asosiy sababi sifatida iqtisodiy omillarni keltirmoqda. Rublning zaiflashishi va narxlarning keskin ko‘tarilishi tufayli Rossiyada ish haqi jozibador bo‘lmay qoldi. Shu bilan birga, ishchi kuchining 87 foizini tashkil etuvchi Markaziy Osiyo mamlakatlari – O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston faol ravishda o‘z zavod-fabrikalarini qurib, infratuzilmasini rivojlantirmoqda. Daromadlar orasidagi tafovut kamayib boryapti va ish haqidagi oz farq uchun minglab kilometrlarni bosib o‘tish endi ko‘pchilik uchun mantiqsiz bo‘lib qoldi. Moliyaviy masalalardan tashqari, hukumat siyosatining qattiqlashishi ham rol o‘ynadi. Rasmiylar hujjatlarni rasmiylashtirishni qattiqlashtirdi va xavfsizlik tekshiruvlarini kuchaytirdi. Yangi qoidalar ijtimoiy nafaqalarga ham ta’sir ko‘rsatdi: endi tug‘ruq kapitali faqat Rossiyada tug‘ilgan bolalarga beriladi. Bundan tashqari, bir qator jinoyatlar endi fuqarolikni darhol bekor qilish va deportatsiya qilish xavfini tug‘diradi.
2022-yildagi qisman safarbarlik ham qo‘sh fuqaroligi bo‘lgan migrantlarning mamlakatga kelishiga to‘siq bo‘la boshladi. Chunki Rossiya pasporti endi avtomatik ravishda egasini harbiy xizmatga ro‘yxatdan o‘tishga majbur qiladi. Ko‘pgina potensial migrantlar uchun bu «yoqimsiz syurpriz» bo‘ldi, boshqalarni ham Rossiya fuqaroligini olishga ishtiyoqini so‘ndirdi.
Mamlakatda qolgan chet elliklar endi qurilishda yoki “dvornik” sifatida «arzon ishchi kuchi» bo‘lishni xohlamaydi.
Ishchilarning yanada qulayroq sohalarga: oziq-ovqat yetkazib berish, kuryerlik xizmatlari va chakana savdoga ommaviy ravishda ko‘chib o‘tishi kuzatilmoqda. U yerda ish sharoitlari yaxshiroq va ish haqi ko‘pincha yuqoriroq. Bunday vaziyatda ish beruvchilar muqobil yo‘llarni izlashga majbur. Ba’zilar Shimoliy Koreya yoki Afrika mamlakatlaridan ishchilarni jalb qilishni ko‘rib chiqsa, boshqalari esa avtomatlashtirishga tayanib, qo‘l mehnatini robotlar bilan almashtirish niyatida.
Davlat Dumasi eski migratsiya modelining davri o‘tganini ta’kidlamoqda. Deputat Mixail Delyagin ishchilar ish haqining katta qismi vositachilar qo‘liga o‘tib ketishiga olib keladigan korrupsiya sxemalariga ishora qiladi. Shu bilan birga, deputat Oksana Dmitriyeva migrant ishchilarning katta oqimiga ehtiyoj sun’iy ravishda oshirib yuborilganini va mamlakatga past malakali ishchilarni almashtirishga qodir malakali mutaxassislar kerakligini ta’kidlamoqda.
Biroq migrantlarni boshqa chet elliklar yoki robotlar bilan to‘liq almashtirish g‘oyasi ular o‘ylaganchalik oddiy emas. Yangi mamlakatlardan kelgan ishchilar ham o‘qitish, hujjatlarni rasmiylashtirish va uy-joy bilan ta’minlash, til muammolarini yo‘qotish lozim, bu esa vaqt va pulni talab qiladi. Robotlarga kelsak, avtomatlashtirish barcha sohalar uchun mos emas: qurilish, uy-joy kommunal xizmatlari va qishloq xo‘jaligi hali ham mashinalar hali to‘liq bajara olmaydigan ko‘p qo‘l mehnatini talab qiladi. Bundan tashqari, texnologiyalarni joriy etish katta investisiyalarni talab qiladi, bu esa har bir ish beruvchining qo‘lidan kelmaydi. Shuning uchun migrantlarni tez va to‘liq almashtirish haqida gapirishga hali erta.