Maqola

158 28/04/2025

AQShning O‘zbekistondagi Elchisi Jonatan Henik viza berishda konsullar kim to‘g‘ri gapirib, kim yolg‘on gapirishini aniqlashda qiynalishi haqida gapirgan. Bu haqida “Gazeta.uz” xabar berdi.

– Ko‘pchilik noimmigratsion vizadan foydalanib konsullik xodimiga yolg‘on gapiradi. Shuning uchun kim haqiqiy sayyoh va kim esa “Disneylendga ketayapman” deb aslida AQShda ishlashni rejalashtirayotganini bilish qiyin. Shu sababli viza olish mushkul ish. To‘g‘ri, viza berilmagan haqiqiy sayyoh yoki ishbilarmonlar ko‘p. Bunday bo‘lganidan juda afsusdaman.

Ishonchim komilki, 5-10 yildan so‘ng O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanishda davom etib, munosabatlarimiz mustahkamlansa, AQShga noqonuniy borishni o‘ylaydiganlar kamroq bo‘ladi va O‘zbekiston fuqarolari uchun viza olish osonroq bo‘lishini ko‘rarmiz, – deydi elchi.

“Har yili 4000 dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari Green Card lotereyasida g‘olib bo‘lib, AQShga immigratsiya qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Dunyoning hech bir davlatida bunday imkoniyat yo‘q. Bu AQShga ko‘chib o‘tishning qonuniy yo‘li hisoblanadi”, deydi Jonatan Henik.

Uning fikricha, Tramp president bo‘lganidan keyin AQSh va O‘zbekiston munosabatlari misli ko‘rilmagan darajaga chiqqan.
– Davlat kotibi Marko Rubio va tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bir necha oy oldin telefonda gaplashdi, yaqinda esa vazir Saidov boshqa yuqori martabali O‘zbekiston hukumati amaldorlari bilan birga Vashingtonda bo‘lib, departament kotibi Rubio va Oq uyda milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Maykl Uols bilan uchrashdi. Aytish joizki, dunyoda AQSh bilan bunday darajadagi aloqaga ega bo‘lgan boshqa davlatlar juda kam, deb fikr bildirgan Jonatan Henik.

Elchining so‘zlariga ko‘ra, AQSh va O‘zbekiston Amerikadagi noqonuniy migrantlarni vatanlariga qaytarish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilmoqda.
– Migratsiya masalalari bilan shug‘ullanuvchi ikki tomonlama ishchi guruhimiz bor. Biz ular bilan AQShda noqonuniy bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini olib kelish uchun juda yaqindan hamkorlik qilyapmiz, – dedi AQShning yurtimizdagi elchisi Janatan Henik.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya