
O‘tgan hafta Iqtisodiyot vaziri Maksim Reshetnikov ilgari asosan radikallar tomonidan aytiladigan narsani aytdi. Uning fikricha, Rossiyaga keladigan muhojirlar oilasiz kelishi shart: kelsin, ishlasin, keyin ketsin. Postsovet hududi bo‘yicha ekspert Kirill Krivosheyev buning mumkin bo‘lgan oqibatlarini tushuntirdi.
Yangi qonunlar va cheklovlar
Sentyabr oyida Rossiya muhojirlarga qarshi bir qancha qoidalarni qabul qildi. Eng ko‘p muhokama qilingani, migrant bolalar rus tilidan imtihondan o‘ta olmagan bo‘lsalar yoki ota-onalarida hujjatlar bilan bog‘liq muammolar bo‘lsa, maktabga kiritilmasligi mumkin.
Moskvada telefonga o‘rnatish talab qilingan «Amina» ilovasi ishga tushirildi. Bu mohiyatan kuzatuv tizimi.
Shuningdek, “chet elliklarning raqamli profili” va boshqa chora-tadbirlar ham muhokama qilinmoqda. Bularning barchasi Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza rejimiga tayyorgarlikni eslatadi. O‘zbekiston va Tojikiston uchun bu Rossiya, masalan, Turkiya yoki Janubiy Koreya kabi “chet el” bo‘lishini anglatadi. Hatto markaziy osiyolik diplomatlar ham vaziyat bundan ortiq yomonlashishi mumkin emas, degan fikrda.
Hozirda Rossiyaga kirish rasman taqiqlanmagan. Hatto elektron sayohat xabarnomasi “uvedomleniye” ham ixtiyoriy qilingan. Ammo ko‘plab amaldorlar muhojirlarni potensial jinoyatchilardek kabi kuzatish kerakligini gapiradi.
2023-yil oxirida, migratsiyaga qarshi to‘lqin boshlanganda, faqat “Z”-harbiy muxbirlari va “Tsargrad” kabi ommaviy axborot vositalari «migrantlar “махсус ҳарбий операция” faxriylari tomonidan kuzatilishi» haqida gapirgan. Bugungi kunda bu Vladimir Putin tomonidan qo‘llab-quvvatlangan «Новые люди» partiyasining tashabbusi.
Oilasiz kelish g‘oyasini ilgari Aleksandr Kots kabi urush muxbirlari bildirgan. Hozir Iqtisodiyot vaziri Reshetnikov ham xuddi shu narsani aytmoqda.
U: «Odamlar keladi, pul topadi, ketadi. Bizga oilalar kerak emas. Biz Rossiya fuqarosi bo‘lmaganlarni o‘qitish va qo‘llab-quvvatlashga majbur emasmiz. Asosiy maqsad – mehnat unumdorligini oshirish», deydi.
Ammo bu haqiqatga qanday mos kelishi noma’lum. Axir aynan migrantlargina taksi haydovchisi, yetkazib berish xizmatlari, Ozon va Wildberriesda ishlaydi.
Turli pozisiyalar
Rossiya Fanlar akademiyasining Mintaqaviy iqtisodiy muammolar instituti hisoboti shuni ko‘rsatadiki:
Qurilish vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Sanoat va savdo vazirligi, Mehnat vazirligi muhojirlar tarafdori.
Oliy sud, Tashqi ishlar vazirligi va Rostrud bunga qarshi.
Iqtisodiy rivojlanish vazirligi faqat malakali mutaxassislarni ko‘rishni xohlaydi.
Bir yil avval Reshetnikovning o‘zi O‘zbekiston elchixonasida bo‘lib o‘tgan ziyofatda mehnat muhojirlariga, ayniqsa, ishchi kuchi tanqisligi davrida Rossiya iqtisodiyotiga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorchilik bildirgan edi.
Dubay misoli
Rossiya rasmiylari Dubayni “misol” sifatida ko‘proq keltirmoqda. U yerda muhojirlar deyarli hamma joyda ishlaydi, lekin ular ko‘rinmaydi, eshitilmaydi. Rossiyalik mutaxassislar bu tajribani ham o‘rganishgan.
Hisobotda ochiq aytilishicha, BAAda migrantlar ruxsatsiz ish beruvchini almashtira olmaydi. Mualliflarning fikricha, bu amaliyotning bir qismi Rossiyada “fuqarolarni g‘ayriijtimoiy migrantlardan himoya qilish” uchun qo‘llanilishi mumkin.
Oilalarni taqiqlash
LDPR uzoq vaqtdan beri migrantlarning oilalari bilan kirishini taqiqlovchi qonun loyihasini ishlab chiqmoqda. Ilgari rad etilgan edi, ammo endi Reshetnikovning so‘zlaridan keyin Davlat Dumasi bu fikrga qaytishi mumkin.
Spiker Volodin: «Vazirlik nihoyat o‘z pozisiyasini shakllantirdi. Biz buni qo‘llab-quvvatlaymiz», dedi.
LDPR rahbari Leonid Slutskiy: «Oilalar maktab va shifoxonalarda navbat hosil qiladi. Ular faqat pul ishlash uchun kelgani ma’qul. Byudjetni tejash juda katta bo‘lardi», deb qo‘shimcha qilgan.
“Справедливая Россия” ham xuddi shunday qonun loyihasini 9 sentyabr kuni taqdim etgan edi.
Oilami yoki yotoqxonami?
Taqiq tarafdorlari fikricha, oilalar “ijtimoiy tizimga yuk bo‘ladi”. Ammo yana bir nuqtai nazar shundaki, agar muhojirlar yotoqxonasida faqat erkaklar bilan yashasa, bu ularning oilasi bilan kvartirada yashashdan ko‘ra ko‘proq jinoyatga olib keladi.
Bu faqat spirtli ichimliklar yoki giyohvand moddalar haqida emas. Yopiq jamoalarda ijtimoiy tarmoqlarda radikallar yoki targ‘ibotchilar ta’siriga tushib qolish osonroq.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, migrantlar orasidagi jinoyatchilik, odatda, o‘sha yoshdagi mahalliy erkaklardan ko‘ra ko‘proq emas. Hatto ular qonunga ko‘proq bo‘ysunadi.
Jamiyat va fikrlar
“ВЦИОМ”ning 2024-yil avgust oyidagi ma’lumotlariga ko‘ra, rossiyaliklarning 39 foizi va 24 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning 57 foizi muhojirlarni oilalaridan ajratish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamaydi.
«Oilasi bor migrant xotini va bolalari uchun mas’ul. Bu esa uni yanada ehtiyotkor va mas’uliyatli qiladi», – deydi “ВЦИОМ” xodimi Mixail Mamonov.
Ammo urush davrida millatchilik g‘oyalari balandroq jaranglamoqda. Natijada, migratsiya haqida haqqoniy suhbatning deyarli iloji yo‘q.