
Migrant-taksichilаr jinoiy guruh tuzib, Rossiyaning Vladivostok aeroportida boshqa rus millatiga mansub taksi-haydovchisini raqobatchilik tufayli do’ppоslab, o’g’irlab ketishdi. Markaziy Osiyolik noqonuniy taksichilar raqobatchilardan hududni «tortib olishga» urinishmoqda, deb yozmoqda “Readovka” telegram kanali. Biroq Vladivostok politsiyasi videosi e’lon qilingan mojaroning ishtirokchilari shaxsi aniqlanmaganini va hodisa yuzasidan tekshiruv o’tkazilayotganini xabar qilmoqda.
Videoda noma’lum erkakni ikki kishi majburlab mikroavtobusga o‘tqazib, olib ketayotgani ko’rinadi. Bularning barchasi hech qanday qo’rquvsiz, guvohlar ko’z o’ngida va kameralar oldida sodir bo’lgan, deb yozadi telegram kanal. Ammo rasmiy manbalar bo’lib o’tgan mojaroda migrantlar qatnashganini tasdiqlagani yo‘q.
Vladivostok politsiyasi xabariga ko’ra, mojaro Vladivostokning Frunze tumanida sodir bo’lgan va ushbu holat yuzasidan tekshiruv o’tkazilmoqda, hodisa ishtirokchilarining shaxsi hali aniqlanmagan. Shu sababli, telegram kanal va uning manbalari mojaroda o’zbek migrantlari ishtirok etgani haqidagi xulosani nima asosida chiqargani noma’lum.
«Ijtimoiy tarmoqlarni monitoring qilish davomida politsiya xodimlari Semyonovskaya maydoni atrofida yosh yigitlar o’rtasidagi mojaro haqidagi ma’lumot topgan. Ushbu holat yuzasidan tekshiruv o’tkazilmoqda. Sodir bo’lgan hodisa holatlari va ishtirokchilarning shaxsi aniqlanmoqda. Tekshiruv natijalariga ko’ra qonuniy va asosli qaror qabul qilinadi», deb xabar qilinadi Vladivostok Politsiyasining rasmiy sahifasida.