Muhojirlar jinoyati haqidagi haqiqiy ma’lumotlar rossiyalik generallarning balandparvoz bayonotlarini tasdiqlamaydi.
So‘nggi oylar davomida migrantlar o‘rtasidagi jinoyatchilik Rossiya kun tartibida avvalgi o‘rinlarni egallagan. Natijada bu mavzuda ko‘plab dezinformatsiya, axborot manipulyatsiyasi va ziddiyatlar kuzatilmoqda. Rossiyaning turli idoralari tomonidan keltirilgan raqamlar ko‘pincha bir-biriga mos kelmaydi, hukumat vakillarida antimigrant kayfiyatdagi ritorika kuchaymoqda va jamiyatda ksenofobiya o‘smoqda.
«Asia-Plus» nashri Rossiya IIVning oxirgi 20-yil ichida chet el fuqarolari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha ma’lumotlarni tahlil qilib, ularning bo‘rttirilgan va haqiqiy statistikaga mos kelmasligini aniqladi.
Rasmiy statistikaga murojaat qilinsa, 20 yillik davr mobaynida Rossiyada chet elliklar sodir etgan jinoyatlar soni 4% ga kamaygan. Agar 2003-yilda chet el fuqarolari 40570 ta jinoyat sodir etgan bo‘lsa, 2023-yilga kelib bu ko‘rsatkich 38936 taga tushgan. Oxirgi 5 yilda chet el fuqarolari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni faqat 11,5% ga oshdi, so‘nggi yilda esa 3% ga kamaydi.
Foiz kesimida qaralsa, chet elliklar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar Rossiyadagi umumiy jinoyatlar sonining 2,5% dan 3,9% gacha tashkil etadi.
So‘nggi 20 yilda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 3,4% ni tashkil etadi, ya’ni har mingta jinoyatdan taxminan 34 tasi migrantlar tomonidan sodir etilgan.
Ammo statistikadan tashqari Rossiya hukumati vakillarining o‘zi ham migrantlarning jinoyatchiligi borasida bir-birlariga qarshi va ziddiyatli bayonotlar berib kelmoqda.
2024-yilning fevral oyida: Rossiya IIV jinoyatchilikning 3% ga kamayganini xabar qildi
2024-yil 8-fevral kuni Rossiya IIV matbuot markazi chet el fuqarolari o‘tgan yilga nisbatan 3% kam jinoyat sodir etganini e’lon qildi. Bu ma’lumotlar umidvorlik uyg‘otgan bo‘lsa-da, huquq-tartibot idoralari vakillarining keyingi bayonotlari jamoatchilikda tushunmovchilik keltirib chiqardi.
2024-yilning mart oyida: Rossiya bosh prokurori jinoyatchilik ko‘rsatkichi migrantlar orasida 75% ga o‘sganini ta’kidladi
Rossiya IIVning bayonotidan atigi bir oy o‘tib, 26-mart kuni Rossiya bosh prokurori Igor Krasnov 2023-yilda migrantlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni 75% ga oshganini ma’lum qildi. Krasnogorskdagi teraktdan bir necha kun o‘tib, mavzu va uning atrofidagi hissiyotlar qizg‘in bo‘lgan vaqtda prokuror Rossiyada noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash yana «dolzarblashishi» zarurligini ta’kidladi. «Crocus City Hall»dagi terrorchilik hodisasidan atigi to‘rt kun o‘tib bu raqamlarning keltirilishi umumiy norozilikni keltirib chiqardi, shuningdek, bayonotlarning umumiy tonusi keskinlashishiga olib keldi.
2024-yil, aprel: Kolokoltsev Krasnovning bayonotini rad qildi
Rossiya IIV vaziri Vladimir Kolokoltsev idora majlisida migrantlar orasida jinoyatchilik soni oshmaganini, balki 3% ga kamayganini aytdi. Vazir shuningdek, migrantlar orasida suiqasd va talonchilik kabi og‘ir jinoyatlar sezilarli darajada kamayganini ta’kidlagan.
2024-yil, iyun: Bastrikin migrantlarning jinoyatchiligi o‘sganini bayon qildi
Iyun oyi boshida Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin migrantlar orasida jinoyatchilikning keskin o‘sganini aytib, jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha favqulodda yig‘ilishda migrantlar tomonidan 2024-yilning birinchi to‘rt oyida 14070 ta jinoyat sodir etilganini bildirdi. Shuningdek, zo‘rlashlar soni 40% ga, og‘ir jinoyatlar soni 13% ga ko‘payganini ma’lum qildi. Bu ma’lumotlar yana IIV tomonidan berilgan avvalgi statistikasiga zid.
2024-yil iyul: IIV Bastrikinning ma’lumotlarini rad qildi
2024-yil iyul oyida Rossiya IIV vakili Irina Volk migrantlar o‘rtasida jinoyatchilik ko‘rsatkichi 2024-yilning birinchi olti oyida 6,4% ga kamayganini xabar berdi. Jamoatchilikda tushunmovchilik paydo bo‘la boshladi: kimga ishonish kerak o‘zi?
2024-yil, avgust: Rossiya IIV migrantlar o‘rtasida jinoyatchilik kamayganini xabar berdi
Rossiya IIV matbuot kotibi 2024-yilning birinchi yetti oyida migrantlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni 3,1% ga kamayganini ma’lum qildi. Shuningdek, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar 9,2% ga, suiqasd 14% ga, jinsiy daxlsizlikka qarshi jinoyatlar 2,5% ga va giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar 21,7% ga kamaygani qayd etildi.
2024-yil, sentyabr: Bastrikin migrantlar orasida og‘ir jinoyatlar o‘sganini bayon qildi
Rossiya tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin yig‘ilishda migrantlar 23847 ta jinoyat sodir etganini va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 12% ga oshganini bildirdi.
2024-yil, oktyabr: Bastrikin voyaga yetmagan migrantlar orasida jinoyatchilik o‘sganini ma’lum qildi
Oktyabr oyida Aleksandr Bastrikin navbatdagi yig‘ilishda voyaga yetmagan migrantlar orasida jinoyatchilik 10% ga oshganini xabar berdi. Tergov qo‘mitasi raisiga ko‘ra, voyaga yetmagan migrantlar orasida o‘ta og‘ir jinoyatlar soni ikki barobar ko‘paygan.
Statistika: 20 yil davomida – 4%
Bu ziddiyatli bayonotlar migratsiya mavzusida jamoatchilikni ham, ekspertlar va kuzatuvchilarni ham chalg‘itib yubordi: kim haq, kimga ishonish kerakligi tushunarsiz. Mutaxassislar va jurnalistlar Rossiya IIVning 2003-2023-yillarda Rossiyadagi chet el fuqarolari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha ma’lumotlarini tahlil qildi.
Tahlilga ko‘ra, Rossiyada chet el fuqarolari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni har davrda turlicha bo‘lgan. Migrantlar jinoyatchiligining eng katta o‘sishi 2004-yilda kuzatilgan. 2004-yili muhojirlar 2003-yilga nisbatan 20,6% ga ko‘p jinoyat sodir etishgan.
2003-2009-yillarda migrantlar orasida jinoyatchilik ko‘rsatkichi nisbatan o‘sib borgan, ya’ni olti yil ichida 42,8% ga oshgan.
Ammo 2010-yilda chet el fuqarolari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni avvalgi yilga nisbatan 15,5% ga kamaygan, bu esa dinamika har doim ham o‘sishdan iborat bo‘lmaganini ko‘rsatadi. 2010-yildan boshlab vaziyat o‘zgargan va keyingi to‘qqiz yil davomida (2010-2019 yillari) migrantlar sodir etgan jinoyatlar soni 28,7% ga kamaygan.
Bu migrantlar jinoyatchiligi muntazam o‘sishi to‘g‘risidagi bayonotlar, aslida rasmiy ma’lumotlarga mos kelmasligini anglatadi. O‘sish va pasayish statistikaga ko‘ra, har ikki tarafga bo‘lgan, ammo rossiyalik generallar aytgan darajadagi dahshatli o‘sish hech qachon kuzatilmagan.
So‘nggi bir necha yil (2020-2023) davomida muhojirlarning jinoyatchilikdagi ulushi juda kichik ko‘rsatkichlarda, ya’ni 13,2 foizga oshgan. Bu pandemiyadan keyin muhojirlar orasiga kirib borgan noqonuniy ish takliflari, firibgarlik, boshqa ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlar hamda migrantlarning mehnat sharoitlarining yomonlashuvi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Agar 2020-yilda chet el fuqarolari tomonidan 34400 jinoyat sodir etilgan bo’lsa, 2023-yilga kelib bu raqam 38936 taga yetgan.
Rossiya IIV statistikasida MDH davlatlari fuqarolari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar alohida ko’rsatilganini ta’kidlash joiz. Rossiyadagi barcha xorijliklar jinoyatlarning 88 foizini MDH mamlakatlari fuqarolari sodir etgan.
1000 jinoyatning 34 tasi
Generallarning bayonotlari asosan 2024-yilda 2023-yilga nisbatan jinoyatchilik o’sishi haqida. Biroq, so’nggi ikki yillik ma’lumotlarning oylar va choraklar bo’yicha tahlili balandparvoz va dahshatli bayonotlarning aksi kuzatilayotganini ko’rsatmoqda.
2024-yilda 2023-yilga nisbatan jinoyatlar soni kamaygan. 1-chorakda kamayish 7,8 foizni, 2-chorakda 6,4 foizni, sakkiz oyda esa 5,28 foizni tashkil etgan.
Rossiyada chet el fuqarolari o’rtasidagi jinoyatchilik darajasi pasayish tomonga o’zgarishiga qaramay, umumiy jinoyatchilik statistikasida muhojirlarning ulushi nisbatan barqaror qolmoqda. So’nggi 20 yil davomida jinoyatlarning umumiy soniga nisbatan taxminan 3,4 foizni muhojirlarning jinoyatlari tashkil qilmoqda. Bu har 1000 jinoyatdan atigi 34 tasi migrantlar tomonidan sodir etilganini anglatadi.
Chet elliklar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning eng yuqori ulushi 2022 va 2023-yillarda qayd etilgan – 3,9%. Eng past ko’rsatkich 2003-yilda kuzatilgan va 2,7 foizni tashkil qilgan.
Misol uchun, 2020-yilda Rossiyada fosh qilingan jinoyatlarning umumiy soni taxminan 1 042 000 tani tashkil etgan va bu jinoyatlarning faqatgina 34 400 tasini chet el fuqarolari sodir etgan. 2023- yilda Rossiyada fosh qilingan jinoyatlar umumiy soni taxminan 998 000 tani, bundan chet elliklar sodir etgan jinoyatlar soni 38 936 tani, ya’ni 3,9 foizini tashkil qiladi.
Qat’iy choralarni oqlash
Ekspertlar Rossiya huquq-tartibot organlari migrantlar orasidagi jinoyatchilik o’sishi haqidagi bayonotlar bilan migratsiya siyosatini qat’iylashtirish va ularni nazorat qilishni kuchaytirish zarurligini asoslashga harakat qilayotganini aytishadi.
Tojikistonlik inson huquqlari himoyachilari aslida migrantlar orasida jinoyatlarning sezilarli o’sishi yo’q deb ta’kidlaydi. Ular bunday keskin va yolg’on bayonotlar migrantlarning salbiy obrazini yaratishga qaratilgani hamda migrantlarga nisbatan noinsoniy qattiq choralar qo’llanilishini oqlash uchun berilayotganini bildirishgan.
«Migrantlar o’rtasidagi jinoyatchilik mavzusini ko’pirtirish, stereotiplar va noto’g’ri tushunchalarni kuchaytirishga olib kelishi mumkin. Bu esa o’z navbatida ularning huquqsiz holatini yanada yomonlashtiradi hamda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlar tomonidan o’z vakolatlarini suiiste’mol qilish uchun zamin yaratadi. Rossiyada kuchli fuqarolik jamiyati yo’qligi uchun odamlar hokimiyat tomonidan efirga uzatiladigan narsani haqiqat sifatida qabul qilishga moyil», deydi tojikistonlik huquq himoyachilari.
O’zbekistonlik inson huquqlari himoyachilaridan biri, huquqshunos Valentina Chupik hamkasblarining fikriga qo’shiladi va bunday ritorika migrantlarga qarshi politsiya jinoyatlari, masalan, noqonuniy hibsga olish, tovlamachilik va mansabdorlarning beparvoligini oqlash uchun olib borilayotganini qo’shimcha qiladi.
«Migrantofobiyani tarqatish migrantlarning yanada huquqsizligiga va politsiyaning noqonuniy harakatlar uchun jazolanmasligiga, shuningdek, millatchilik nafratiga asoslangan jinoyatlarning o’sishiga olib keladi. Rossiyada jamiyat yo’q, jamoatchilik fikri va jamoatchilik idroki yo’q, oddiy odamlar doimo hokimiyatdan eshitganlarini ishonib tarqatadi», deydi o’zbekistonlik huquq himoyachilari.