Maqola

415 05/10/2024

Rossiya Ichki ishlar vazirligi «Нелегал-2024» operatsiyasining ikkinchi bosqichini olib bormoqda. Rossiyada noqonuniy bo‘lib turgan mehnat muhojirlarini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilayotgan ushbu reydlar mamlakatning barcha mintaqalarida o‘tkazilmoqda. Natijada qonunbuzarlar javobgarlikka tortilmoqda, ba’zi muhojirlar Rossiyadan majburiy ravishda chiqarib yuborilmoqda. Reydlar haqida tafsilotlar bilan bo‘lishamiz.

OAV va ijtimoiy tarmoqlar allaqachon operatsiyaning dastlabki natijalari haqida xabar bermoqda.

Sankt-Peterburgda keng ko‘lamli reydlar 1,5 ming nafar migratsiya qonunbuzarlarini aniqlagan. Tekshiruvlar minglab muhojirlarni qamrab olgan. Aniqlangan 1500 huquqbuzarliklarning aksariyati Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lish qoidalari – registratsiyaga bog‘liq bo‘lgan. Shuningdek, bir qancha migrantlar patentsiz noqonuniy ishlaganligi aniqlangan. Barcha muhojirlar politsiya bo‘limlariga olib borilgan va sud qarori bilan qariyb ikki yuz nafar xorijiy fuqaroga ma’muriy chiqarib yuborish jazosi – «выдворение» qo‘llangan. «Выдворение» qilinganlarning aksariyati xorij fuqarolarini vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgani aytilmoqda.

Krasnodarda reydlar natijasida Yelizavetinskaya aholi punktidagi qurilish maydonida ishlayotgan 260 nafar mehnat migranti politsiya bo‘limiga olib borilgan. Ularning 8 nafari mamlakat hududida bo‘lish rejimini buzganlik va noqonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirganlik uchun javobgarlikka tortilgan.

Samara oblast politsiyasi reydlar o‘tkazib, tekshiruvlar davomida 400 dan ortiq migratsiya qonunbuzarligi aniqlangani haqida xabar bermoqda. Samaradagi reydlarning dastlabki natijalariga ko’ra 116 nafar muhojir Rossiyadan chiqarib yuboriladi. Ularning 76 nafariga Samara sudlari tomonidan mamlakatdan chiqarib yuborish qarori qabul qilingan, qolgan 40 migrantga esa politsiya tomonidan Rossiya Federatsiyasiga kirish taqiqlangan. Shu bilan birga, politsiya reydlar davomida migratsiya sohasida 15 ta jinoyat aniqlangani va ular bo’yicha tergovga qadar surishtiruv boshlanganini xabar bermoqda.

Moskva viloyatida ham politsiya tekshiruv va reydlar o‘tkazayotgani haqida xabar berdi. Masalan, reydlarning biri qurilish maydonida olib borilgan va natijada 40 nafar migrantga ma’muriy bayonnomalar tuzilgan. Har bir qonunbuzarga 5 ming rubl miqdorida jarima solinib, Rossiya Federatsiyasi hududidan chiqarib yuborish jazosi berilgani xabar qilindi.

Moskva shahrida esa reydlar migrantlar yashayotgan yotoqxonalarda ham o‘tkazilmoqda. Moskva shahrining Ugreshskaya ko‘chasidagi yotoqxonada yashaydigan muhojirlar Migrant.uz muxbiri bilan subatda tongda o‘tkazilgan reyd tafsilotlari bilan bo’lishdi. Migrantlarning so‘zlariga ko‘ra, ular uyquda bo‘lgan vaqtda sahar 4 da politsiya xodimlari yotoqxonaga bostirib kirib, kuzatuv kameralarini yopib chiqqan va migrantlarning yuzini yerga qaratib kaltaklagan. Bir necha soat davomida davom etgan xo’rliklardan keyin ba’zi migrantlar politsiya bo‘limiga olib ketilgan. U yerda muhojirlar jarimaga tortilib, hech kim kaltaklamagani haqida hujjatga imzo qo’yishga majburlangan.

Bostirib kirgan tekshiruvchilar ketganidan keyin migrantlar naqd pullari yo‘qolganini sezgan. Migrant.uz bilan suhbatlashgan muhojirlar o‘z davlatlarining konsulliklariga murojaat qilish niyatida ekanini ma’lum qildi. Chunki politsiyaga murojaat qilsa, ularga nisbatan takroran kuch ishlatilishi va hayotlariga tahdid solinishidan qo‘rqishmoqda.

Krasnoyarsk politsiyasi reydlar natijasida 46 nafar noqonuniy migrantni aniqlagan. Huquqbuzar sifatida politsiyaga olib ketilgan muhojirlar orasida 40 erkak va 19 yoshdan 57 yoshgacha bo’lgan 6 nafar ayol bor bo‘lgani aytilmoqda. Ular Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan muhojir ayollar bo’lgan. Qolaversa, 46 nafar muhojir jami 74ta ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgani xabar qilinmoqda. Muhojirlar Rossiyaga kirish qoidalarini buzganlik, Rossiyada bo‘lish rejimini buzganlik, migratsiya qaydi bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlik, migratsiya nazoratidan o‘tishdan qochganlik kabi ma’muriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortilgan.

Shuningdek, Krasnoyarskning huquqni muhofaza qilish organlari reydlar oqibatida 10ta soxta hujjatlar tayyorlash va foydalanish hamda xorijiy fuqarolarni soxta migratsiya qaydiga olish holatlarini aniqlaganini ma’lum qildi. Ushbu holatlar bo‘yicha dastlabki tergov o‘tkazilgani xabar berildi.

Eslatib o‘tamiz, «Нелегал-2024» operatsiyasi hali ham davom etmoqda. «ОДКБ» tashkiloti boshchiligida o‘tkazilgan «Нелегал-2024» operatsiyasining birinchi bosqichi joriy yil iyun oyida yakunlangan edi. Ikkinchi bosqichi 30-sentabr kuni boshlangan bo‘lib, 7-oktabrgacha davom etadi.

«Нелегал-2024» operatsiyasi davomida Ichki ishlar vazirligining bo‘limlari butun mamlakat bo‘ylab xorijiy fuqarolarning mehnat va yashash joylarida tekshiruvlar o’tkazilmoqda. Reydlar davomida muhojirlarning hujjatlari, avtotransportlari tekshirilmoqda.

Bularni inobatga olib, muhojirlarga qonuniy yurishga e’tiborli bo’lish qat’iy tavsiya etiladi.

 

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya