1 242 14/06/2025

2025-yilning 1-iyulidan boshlab Rossiyada xorijiy fuqarolar uchun mobil telefon foydalanuvchilarini aniqlashning yangi qoidalari joriy etiladi. Mamlakatdagi xorijlik migrantlar biometrik ma’lumotlardan foydalangan holda SIM-kartalarini qayta ro‘yxatdan o‘tkazishlari shart. Aks holda, ularning raqamlari bloklanadi. Ba’zi uyali aloqa operatorlari allaqachon blokirovka haqida bildirishnomalar yuborishni boshlagan.

O‘zgarishlar joriy yil boshidan kuchga kirgan «Aloqa to‘g‘risida»gi federal qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar bilan bog‘liq. Bu tuzatishlarga ko‘ra, faqat chet el fuqarolari SIM-kartalarni biometrik ma’lumotlardan foydalangan holda ro‘yxatdan o‘tkazishlari shart, Rossiya fuqarolari uchun esa qoidalar o‘zgarishsiz qoladi.

SIM-kartani qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun migrantlar СНИЛС olishlari, «Госуслуги» portalida ro‘yxatdan o‘tishlari va u yerda biometrik ma’lumotlarni taqdim etishlari kerak. Rossiyada qonuniy istiqomat qiluvchi chet el fuqarolari uchun СНИЛС olish bepul. Hujjat Ijtimoiy jamg‘arma idorasida (Социальный фонд) darhol beriladi yoki ko‘p funksiyali markazda (МФЦ) besh ish kunigacha berilishi mumkin.

Agar raqam bloklangan bo‘lsa, abonent biometrik ro‘yxatdan o‘tgan yangi SIM-karta sotib olishi yoki biometrik ma’lumotlarni taqdim etishi va joriy raqamni Gosuslugi portali orqali tiklashi mumkin.

Demografiya, migratsiya va mintaqaviy rivojlanish instituti Kuzatuv kengashi raisi Yuriy Krupnovning qayd etishicha, SIM-kartalarni chiqarish tartibini qattiqlashtirish migratsiya oqimlari ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha davlat siyosatining bir qismidir. Uning ta’kidlashicha, biometrik ma’lumotlardan foydalanish, jumladan, xorijiy pasport va vizalarni rasmiylashtirishda standart xalqaro amaliyotga aylangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, biometrik ma’lumotlarning joriy etilishi xavfsizlik darajasini oshirishga yordam beradi va Rossiyada ishlayotgan chet el fuqarolarini aniqlashni osonlashtiradi.

Rossiyadagi muhojirlarning aniq soni haqidagi savol ochiqligicha qolmoqda. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 7 millionga yaqin mehnat muhojiri bor. Ayni paytda Tergov qo‘mitasi bu ko‘rsatkichni 14-16 million kishi deb hisoblaydi. Yuriy Krupnovning ekspert hisob-kitoblariga ko‘ra, muhojirlarning haqiqiy soni 10 millionga yaqin bo‘lishi mumkin. Bu raqamga so‘nggi yillarda Rossiya fuqaroligini olgan xorijliklar kirmaydi.

Ijara firibgarligi: 5 qiz bir kechada ko‘chada qoldi

Navigatsiya