Maqola

187 17/08/2024

Rossiya fuqaroligini olsangiz ham Rossiya pensiyasini rasmiylashtirib bo’lmasligini bilarmidingiz?

2023-yildan boshlab Rossiyada pensiya tayinlashda SSSR va keyinchalik MDH davlatlarida ishlagan staj hisobga olinmaydi. Chunki Rossiya Federatsiyasining 11.06.2022-yildagi № 175-FZ-sonli Federal qonuniga muvofiq, Rossiya MDH davlatlarining pensiya ta’minoti sohasidagi fuqarolar huquqlarining kafolatlari to’g’risidagi Bitimdan chiqqan. Qonunga ilova qilingan tushuntirish xatida Bitim normalari Rossiya Federatsiyasi uchun 01.01.2023-yildan boshlab amal qilishdan to’xtatilishi aytilgan.

Bu degani, 01.01.2023-yildan boshlab SSSRda hamda MDH davlatlarida ishlangan staj Rossiya hududida pensiya tayinlashda hisobga olinmaydi.

Rossiya hukumati bitimdan chiqishni 30 yildan buyon pensiya qonunchiligining normalari o’zgargani bilan izohlagan. O’zgarishlarning eng asosiysi – Rossiyada 2023-yil boshidan buyon pensiya tayinlashda nafaqat ish staji, balki jismoniy shaxs uchun to’langan sug’urta badallarining miqdori ham hisobga olinadi.

2023-yilgacha Rossiya fuqaroligini olganlar Bitimga a’zo bo’lgan boshqa davlatda ishlab, keyin pensiya tayinlash paytida esa Rossiya fuqaroligini olishi kuzatilar edi. Bunday vaziyatda pensiya to’lash bilan bog’liq xarajatlarni faqat Rossiya qoplagan. Shuning uchun Rossiya qonunchilari Bitimga a’zo davlatlar bilan “pensiyalarni eksport qilish” tamoyiliga asoslangan ikki tomonlama shartnomalar tuzilmasa, Rossiya byudjeti bunday xarajatlarni ko’tarmasligi kerakligini ta’kidlab, Bitimdan chiqqan.

Hozirgi kunda Rossiya ba’zi mamlakatlar bilan pensiyalar to’lash bo’yicha yangi ikki tomonlama shartnomalar imzolagan. Belarus, Armaniston, Qozog’iston, Qirg’iziston (YOII doirasida), shuningdek, Rossiya va Tojikiston o’rtasida yangi kelishuvlar imzolangan. Bu kelishuvlarga ko’ra, pensiya xarajatlarini qaysi davlatda staj ishlangan bo’lsa, o’sha davlat to’lashi nazarda tutilgan. Ya’ni kimdir 50 yil Tojikistonda ishlab, Rossiya fuqaroligini olib, pensiyaga chiqqan bo’lsa, unda uning pensiyasi Tojikiston hukumati belgilagan nafaqa puli ekvivalentida bo’ladi.

Rossiyaning Moldaviya va O’zbekiston bilan pensiya borasida kelishuvlari yo’q, lekin hozircha muzokaralar olib borilayotgani xabar qilinmoqda. Bu esa ikki tomonlama shartnomalar tuzilgunga qadar O’zbekistondan kelib, Rossiya fuqaroligini olganda ham O’zbekistonda, ham Rossiyada pensiyasiz qolish mumkinligini anglatadi.

Rossiya, migrantlar: Ko‘rinishga qarab yoqmaganni qaytarishyapti

Navigatsiya